11 yanvar 2023

Malayziya bilan qishloq xo‘jaligi va agrosanoat sohalarining yangi yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston elchixonasi vakillari Malayziya Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi vazirligining Ikki tomonlama iqtisodiy aloqalar departamenti direktori Martini bint Muhammad Safai bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Vazirlik qishloq xoʻjaligi, agrosanoat, agroturizm, veterinariya xizmati, baliqchilik, chorvachilik, ilmiy-tadqiqot va oziq-ovqat xavfsizligi masalalari bilan shugʻullanadi.

Uchrashuvda Malayziya tomoniga O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini isloh qilish, xususan, davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, bozor munosabatlarini keng joriy etish, ishlab chiqarish subyektlari o‘rtasidagi munosabatlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash, qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, qishloq xo’jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va sotish, shuningdek, ushbu tarmoqqa investitsiyalar yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi. 

Malayziya tomoni mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini diversifikatsiya qilish, agrobiznes va yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish uchun qulay muhit yaratishga asoslangan O‘zbekistonning 2020-2030-yillarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasini yuqori baholadi.

Uchrashuvda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, xususan, gulchilik sohasida xorijiy tajribani jalb etish, shuningdek, O‘zbekistonda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan, parranda go‘shtini yetkazib berish masalalari muhokama qilindi. 

Muzokaralar yakunlari boʻyicha Malayziya Milliy fermerlar assotsiatsiyasi va “Oʻzkimyoimpeks” AJ vakillari oʻrtasida mineral oʻgʻitlar yetkazib berish boʻyicha onlayn uchrashuv tashkil etish, shuningdek, eksport boʻyicha aniq shartnomalar tuzish boʻyicha Malayziya tomoniga tijorat takliflarini taqdim etish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.