“O‘zcharmsanoat” uyushmasida Trade house Uzbekistan rahbari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi UzDauly.uz. O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan charm, poyabzal va mo‘yna mahsulotlari savdosini Latviyada yo‘lga qo‘yish va latviyalik investorlarni mamlakatimizga faol jalb etish muloqotning asosiy mavzusi bo‘ldi.
Ikki tomonlama hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha navbatdagi muzokaralar doirasida milliy mahsulotlarimizni Latviya bozori orqali Yevropa Ittifoqi bozorlariga olib chiqishning amaliy jihatlari muhokama qilindi. Shu munosabat bilan O‘zbekistonning GSP+ imtiyozlar tizimidan samarali foydalanish bilan bog‘liq imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Trade house Uzbekistan rahbari bugungi kunda Latviyada O‘zbekiston uchun katta ko‘rgazma zali ochilgani, hunarmandchilik va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladi.
Uchrashuvda charm-poyabzal sanoati mahsulotlari namunalarini joylashtirish, taqdim etilgan assortiment va logistika masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, Latviyada ulgurji savdoni tashkil etish sohasidagi ishlarning bugungi holati ko‘rib chiqildi. Muzokaralar chog‘ida Latviya kompaniyalaridan O‘zbekistonga sarmoya jalb etish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga oid masalalar yuzasidan fikr almashildi. Muloqot natijasida Latviyaga, jumladan, Yevropa Ittifoqiga mahsulot yetkazib beruvchi mahalliy kompaniyalar bilan muzokaralar olib borish va namunalarni Latviyadagi ko‘rgazma zalida joylashtirishga qaror qilindi.