23 yanvar 2023

Norov Markaziy Osiyo uchun investitsiya fondini yaratishni taklif qildi

Ostona shahrida “Markaziy Osiyo-2030: kelajak tasvirlari” ekspertlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Markaziy Osiyoni rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi: yechimi mintaqaning uzoq yillardagi strategik istiqbollarini shakllantiradi. Bu haqida KUN.UZ yozadi.

Tadbirda ishtirok etgan Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Vladimir Norov o‘z nutqida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakatlari hamkorlikda rivojlanish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish va va mintaqaning gullab-yashnashiga xizmat qilganini ta’kidladi.

“Biz global siyosatda Markaziy Osiyoning mintaqaviy subyektivligini kuchaytirishni boshladik. Bugun butun dunyoda Markaziy Osiyoning ovozi balandroq yangradi: biz eshityapmiz va tinglayapmiz. Darhaqiqat, bugun biz umumiy kelajagimizni yaratmoqdamiz. Bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasi sheriklik va o‘zaro manfaatli hamkorlikning keng hududiga aylanib bormoqda.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari mexanizmi mintaqadagi davlatlararo munosabatlarning prinsipial jihatdan yangi paradigmasini belgilab berdi, birlikni mustahkamlash uchun zamin yaratdi, Markaziy Osiyoning sobiq qudratini qaytarish imkonini berdi”, — dedi u.

Shuningdek, u barqaror Markaziy Osiyo iqtisodiy o‘sishning muhim markazlaridan biriga aylanib borayotganiga alohida e’tibor qaratdi. Oxirgi 6-7 yil sanoat, transport, energetika va infratuzilma sohalarida yirik sarmoyaviy hamkorlik loyihalarini birgalikda amalga oshirishning yutuq davri bo‘ldi. Qo‘shma sarmoyaviy kompaniyalar tashkil etilib, hududlararo aloqalarni faol rivojlantirmoqdamiz. Hech qachon bunday dinamika bo’lmagan. Mintaqa davlatlarining umumiy yalpi ichki mahsuloti bugungi kunda 347 milliard dollardan ortiqni tashkil etib, so‘nggi yillarda 25 foizdan ortiq, so‘nggi 20 yilda esa yetti barobardan ziyod o‘sdi.

Mintaqaviy hamkorlikning yana bir yo’nalishi xorijiy sarmoyani jalb qilish uchun kuch va resurslarni birlashtirishdir.

Markaziy Osiyo xalqaro instituti rahbari investitsiyalar sohasida umumiy mintaqaviy investitsiya jozibadorligini oshirish uchun yagona qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, shuningdek, mintaqaviy loyihalarni moliyalashtirish uchun Markaziy Osiyo uchun investitsiya fondini yaratish imkoniyatlarini koʻrib chiqish zarurligini taʼkidladi. 

Ma’ruzachining so‘zlariga ko‘ra, keyingi 10 yil ichida Markaziy Osiyo mintaqasiga potentsial ravishda 170 milliard dollargacha xorijiy investitsiya, jumladan, noishlab chiqarish tarmoqlariga 40-70 milliard dollar jalb etish mumkin.

Shu bilan birga, Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori turizm sohasida hamkorlikni yo’lga qo’yish muhimligini, bu mamlakatlar iqtisodiyotini rivojlantirishning samarali omiliga aylanishi mumkinligini ta’kidladi.