Xitoyning Shandun provinsiyasi Tsindao shahrida “Xitoy – Markaziy Osiyo” birinchi sanoat-investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Xitoy taraqqiyot va islohotlar davlat qo‘mitasi hamda Shandun provinsiyasi ma’muriyati tomonidan tashkil etilgan tadbirda Xitoy vazirlik va idoralari rahbarlari, ishbilarmon doiralar vakillari, Markaziy Osiyo davlatlari bosh vazir o‘rinbosarlari, xorijiy davlatlar elchixonalari rahbarlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Ushbu forum 2022-yil 25-yanvarda Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan onlayn sammitda Prezident Si Szinpin tomonidan ilgari surilgan tashabbusga ko‘ra tashkil etilgan.
Tadbirning ochilishida rais Si Szinpinning ishtirokchilarga murojaati Milliy taraqqiyot va islohotlar qo‘mitasi raisi Xe Lifen tomonidan videoaloqa orqali o‘qib eshittirildi.
Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari Bosh vazirlari o‘rinbosarlari, Shandun provinsiyasi gubernatori, Markaziy Osiyo davlatlarining Xitoydagi elchilari va Xitoyning boshqa yuqori martabali vakillari ishtirok etib, Xitoy bilan turli sohalarda ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari haqida so‘z yuritdilar.
Tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev videomurojaat bilan ishtirok etib, O‘zbekistonning bugungi taraqqiyoti, sarmoyaviy va eksport salohiyati, mamlakatimiz bilan Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarga to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, 2022-yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 20 foizga oshib, qariyb 9 milliard dollarga yetgani alohida ta’kidlandi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Xitoy kapitali ishtirokida 2100 dan ortiq korxona faoliyat yuritayotgani, 2017-yildan buyon o‘zlashtirilgan Xitoy sarmoyalarining umumiy hajmi qariyb 11 milliard dollarni tashkil etishi qayd etildi. Shuningdek, yigʻilish ishtirokchilarining eʼtibori Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi savdo-sanoat, yashil investitsiyalar, transport infratuzilmasi va qishloq xoʻjaligi kabi sohalardagi hamkorlikni mustahkamlash va yanada rivojlantirish masalalariga qaratildi.
Forumda tomonlar Xitoy va Markaziy Osiyo oʻrtasida sanoat va investitsiyaviy hamkorlik boʻyicha tashabbusni qabul qilgani maʼlum qilindi.
Tadbir davomida “Sanoat kooperatsiyasi uchun umumiy makonni birgalikda qurish” mavzusida ham bir qator taqdimotlar o‘tkazildi.
Markaziy Osiyo davlatlari o‘zlarining savdo-iqtisodiy imkoniyatlari, erkin iqtisodiy hududlari, sarmoyaviy muhiti, ustuvor tarmoqlari va hukumatlari tomonidan ilgari surilayotgan qulayliklarni taqdim etdilar.