Mamlakatimizning Londondagi elchixonasi Connect Real Estate Club agentligi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda ko‘chmas mulk va infratuzilmaga investitsiyalar” mavzusida gibrid formatda xalqaro davra suhbati tashkil etdi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Tadbirda YeTTB, «J.P.Morgan», «Credit Suisse», Britaniya xalqaro savdo va eksport instituti kabi yirik investitsiya banklari, qator investitsiya kompaniyalari va boshqalar ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, birinchi navbatda, valyuta bozorini liberallashtirish, soliqlarni kamaytirish, investorlar uchun huquqiy kafolatlar, xususiy mulkni ishonchli himoya qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Britaniyalik investorlar O‘zbekiston hukumati tomonidan iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish yo‘nalishini olqishladilar va yaqin yillarda e’lon qilingan yirik davlat korxonalarini keng ko‘lamli xususiylashtirish va transformatsiya qilish kontekstida salmoqli salohiyat mavjudligini ta’kidladilar.
Oʻzbekiston tomonidan elchixona, Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish agentligi vakillari, shuningdek, xususiy investitsiya fondlari rahbarlari, jumladan, «Abu Dhabi Uzbek Investment Fund», «Uzbek-Oman Investment Company», «Social Finance Advisors», «Murad Buildings», «Radisson Hotel Group» и «N.O.P. Hospitality Consulting» tomonidan batafsil taqdimotlar oʻtkazildi.
Alohida sessiyalar davomida ishtirokchilar mamlakatning turizm infratuzilmasi, turar-joy va tijorat ko‘chmas mulki va chakana savdo kabi sohalardagi hozirgi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
Tadbir yakunida bir guruh Britaniya kompaniyalari turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish, chakana va tijorat koʻchmas mulk obʼyektlari sohasida loyihalarni amalga oshirish hamda aprel oyida boʻlib oʻtadigan II Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdi.