O‘zbekiston elchixonasi Britaniyaning “British Expertise International” uyushmasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston infratuzilmasiga sarmoya kiritish imkoniyatlariga bag‘ishlangan “O‘zbekiston infratuzilmasini chuqurlashtirish” mavzusida vebinar o‘tkazdi, deb xabar beradi “Dunyo” muxbiri.
Tadbirda Buyuk Britaniyadagi rasmiy doiralar, xalqaro moliya institutlari, yirik banklar va xususiy kompaniyalarning 50 ga yaqin vakillari ishtirok etdi.
Asosiy ma’ruzachilar sifatida Buyuk Britaniya Biznes va savdo departamentining O‘zbekistondagi vakili Lori Morexed, Britaniya eksportni moliyalash agentligining (Buyuk Britaniya eksport moliyasi) rivojlanish bo‘limi rahbari Shon Bernaj va mamlakatimizning Londondagi elchixonasi vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekistonda Konstitutsiyaviy islohotning mazmun-mohiyati va ahamiyati, bo‘lajak referendumni tashkil etishning huquqiy asoslari haqida ma’lumot berildi.
Soʻngra energetika, togʻ-kon sanoati, kimyo sanoati, transport va yoʻl infratuzilmasi kabi yoʻnalishlarda, jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosidagi investitsiya loyihalari batafsil taqdimoti boʻlib oʻtdi. Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli oʻzgarishlar, qulay investitsiya muhitini yaratish, Yevropa Ittifoqi (GSP+) va Buyuk Britaniya (DCTS) imtiyozli savdo mexanizmlaridan keng foydalangan holda eksportga yoʻnaltirilgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni Yevropaning yangi bozorlariga chiqishlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan hukumat chora-tadbirlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Bo‘lajak Toshkent xalqaro investitsiya forumi (27-28-aprel) va O‘zbekiston-Buyuk Britaniya Savdo va sanoat kengashining (UBTIC) navbatdagi yig‘ilishi kabi yirik xalqaro tadbirlar, eksportni moliyalashtirish mexanizmlari haqidagi ma’lumotlar britaniyaliklar tomonidan qiziqish bilan qabul qilindi.
Tadbir davomida hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi, ikki mamlakat xususiy sektorlari o‘rtasida qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha kelgusi rejalar belgilab olindi.