23 may 2023

O‘zbekiston va Malayziya kompaniyalari ishtirokida mamlakatimizda biznes-forum o‘tkaziladi

Joriy yilning 15-21-may kunlari O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Malayziyaning Xalqaro islom savdo-sanoat palatasi – MXISSP (Malaysian International Islamic Chamber of Commerce and Industry – MIICCI) raisi Hoji Muhammad Amin Fahmining mamlakatimizga safari tashkillashtirildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.

Malaysian International Islamic Chamber of Commerce and Industry – MIICCI 2022-yilda ro‘yxatdan o‘tgan. Tashkilot Malayziyaning musulmon ishbilarmon doira vakillaridan iborat. Palata Malayziyaning barcha shtatlarida o‘z vakolatxonasiga ega.

Hoji Fahmining mamlakatimizga tashrifi davomida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi va O‘zbekiston Savdo sanoat palatasi rahbariyati bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda xorij tomoniga mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, erkin iqtisodiy zonalar faoliyati, investorlar uchun yaratilgan imtiyozlar to‘g‘risida batafsil maʼlumot berildi.

Tadbir davomida shu yilning iyul oyida O‘zbekiston va Malayziya kompaniyalari o‘rtasida biznes-forum o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy masalalar muhokama qilindi.

Muloqot yakunida O‘zbekiston va Malayziya kompaniyalari ishtirokida mamlakatimizda biznes-forum o‘tkazish va unga Malayziyaning yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniyalarni jalb etish; Biznes-forum doirasida Malayziyaning Xalqaro islom savdo-sanoat palatasi va O‘zbekiston Savdo sanoat palatasi o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash; O‘zbekiston kompaniyalarini Malayziyaga javob tashrifini ishlab chiqish va Malayziyada ham biznes-forum o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvlarga erishildi.