19 iyun 2023

Eron bilan transport sohasida hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi

Joriy yiling 17-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilhom Mahkamov Eron Islom Respublikasi Yoʻl va shaharsozlik vaziri Mehrdod Bazrposh bilan uchrashdi. Bu haqida Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi matbuot xizmati xabar beradi.

Uchrashuvda tomonlar transport sohasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirish, transport koridorlarini rivojlantirish, ushbu yoʻnalishda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish bilan bogʻliq jihatlarni muhokama etdi.

Xususan, tomonlar “Oʻzbekiston – Turkmaniston – Eron” uch tomonlama multimodal transport koridorini rivojlantirish va foydalanish boʻyicha oʻzbek tomonidan taqdim qilingan bitimni tez orada kelishish, avtomobil transportida yuk tashuvlari jarayonida Eron tomonidan oʻzbek milliy tashuvchilaridan undirilayotgan yigʻimlarni paritet asosida kamaytirish, shuningdek, yoqilgʻi soligʻi yigʻimlarini ham boshqa davlatlarniki bilan tenglashtirish boʻyicha kelishuvga erishdi.

Shuningdek, tomonlar mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo-sotiq munosabatlarini yanada rivojlantirish, yuk tashuvlari hajmini keskin oshirish maqsadida Eron – Oʻzbekiston logistika markazini barpo etish, qolaversa, Eron hududida joylashgan Chobahor va Bandar-Abbos portlari hududida oʻzbek tadbirkorlari ishtirokida terminallar va omborlar qurish xususida kelishib oldi.