Buyuk Britaniya poytaxtida “Yangi ufqlarni ochish: Buyuk Britaniya va O‘zbekiston hamkorligida yangi iqtisodiy imkoniyatlar” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi, unda parlament, hukumat va ishbilarmon doiralarning 60 dan ortiq vakillari ishtirok etdi. Bu haqida «Dunyo» AA muxbiri xabar beradi.
Tadbir O‘zbekiston elchixonasi hamda iqtisodiyotning turli sohalarida 25 mingdan ortiq Britaniya kompaniyasi va tadbirkorlarini birlashtirgan “Direktorlar instituti” (IoD) yirik assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etildi.
Forum ishtirokchilari uchun diplomatik missiya tomonidan mamlakatimizni modernizatsiya qilish va iqtisodiyotni liberallashtirish jarayonlari, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik uchun qulay imkoniyatlar, jumladan, Oʻzbekiston mahsulotlarining Britaniyaga eksportini kengaytirish masalalariga bagʻishlangan Oʻzbekiston haqida batafsil taqdimot tashkil etildi.
Davra suhbatida Buyuk Britaniya parlamenti a’zosi lord Jon Ueyverli O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va samarali islohotlar dasturini yuqori baholab, Britaniya biznesining yig‘ilgan vakillarini mamlakatdagi iqtisodiy istiqbolga e’tibor qaratishga chaqirdi.
O‘z navbatida, Buyuk Britaniya Biznes va savdo vazirligi bo‘lim boshlig‘i Saymon Mellon o‘zaro tovar ayirboshlashning ilg‘or dinamikasini qayd etdi, Britaniya tomoni O‘zbekiston bilan iqtisodiyotning turli sohalarida hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi.
Shuningdek, O‘zbekistonning rivojlanayotgan mamlakatlar uchun DCTS savdo sxemasining benefitsiar davlatlari ro‘yxatiga kiritilganini hisobga olgan holda, o‘zaro savdoni kengaytirish imkoniyati alohida ta’kidlandi, buning natijasida mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar Buyuk Britaniya bozoriga arzon narxlarda eksport qilinishi mumkin.
Mamlakatda faoliyat yuritayotgan Britaniyaning Sturgeon Capital (axborot texnologiyalari) va Moneff (fintech) kompaniyalari rahbarlari ham O‘zbekistonda muvaffaqiyatli biznes yuritish tajribasi bilan o‘rtoqlashdilar.