Qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitov barqaror oziq-ovqat xavfsizligiga bagʻishlangan xalqaro konferensiyada soʻzga chiqdi. Bu haqida Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmatiga tayanib, Spot xabar beradi.
6-iyul kuni Toshkent shahrida oziq-ovqat xavfsizligi va suv ta’minoti masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tadbir “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiyalar va ta’lim” xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida bo‘ldi.
Mulozim so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish sezilarli darajada oshganini qayd etdi. Shu tariqa, meva-sabzavot ekinlari egallagan maydon 470 ming gektarga, jumladan, intensiv bog‘lar 75 ming gektarga yetdi va ularning yetishtirish hajmi 22,5 million tonnaga yetdi.
Hozirda g‘alla hosildorligi gektariga 70 sentnerni tashkil etgan bo‘lsa, bu yilgi hosil 8,1 million tonnaga yetishi kutilmoqda. Qishloq xo‘jaligida hosildorlik yiliga o‘rtacha 5 foizga oshib bormoqda.
Bunga, jumladan, muomaladan chiqarilgan 580 ming gektar yerning meliorativ holatini yaxshilash hisobiga erishildi. Ularda irrigatsiyaning yo‘lga qo‘yilishi qo‘shimcha 3,7 million tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ta’minladi. Kelgusi besh yilda yana 0,5 million gektar qishloq xo‘jaligi aylanmasiga kiritiladi.
Paxtachilik, o‘z navbatida, klaster modelini joriy etish orqali rivojlanmoqda. Paxta klasterlari tomonidan jalb qilingan 5,3 milliard dollar sarmoyaning 1,2 milliard dollari qishloq xo‘jaligi sohasiga to‘g‘ri keldi. Buning samarasida paxta hosildorligi 1 gektardan 34 sentnerga yetdi.
Xorijiy tashkilotlardan fermerlar va agrobiznes vakillariga 2,5 milliard dollar mablag‘ ajratilib, bu mablag‘lar birinchi navbatda meva-sabzavotchilik tarmog‘ida 4 mingta loyihani amalga oshirishga yo‘naltirildi. Kelgusi uch yilda qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoatiga har yili 1 milliard dollar jalb etish rejalashtirilgan.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga ham investitsiya jalb etilmoqda. So‘nggi yillarda mazkur yo‘nalishda 13 ming korxona, shuningdek, 900 ming tonnaga mo‘ljallangan 66 agrologistika markazlari ishga tushirildi. Omborlar va muzlatgichlarning umumiy sig‘imi 1,5 million tonnaga yetdi.
2025-yilgacha Toshkent, Samarqand va Andijonda 1,7 million tonnalik uchta yirik agrologistika markazlarini qurish rejalashtirilgan. OTB ushbu loyihalar uchun 197 million dollar ajratadi.