07 iyul 2023

Nesebr shahrida O‘zbekiston – Bolgariya o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi xodimlarining Bolgariyaga ishchi safari davomida Nesebr shahar meriyasida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamda turizm sohasidagi aloqalarni rivojlantirishga bag‘ishlangan tadbir  tashkil etildi, deb xabar  bermoqda  “Dunyo” AA muxbiri.

Unda Nesebr shahri meri Nikolay Dimitrev va shahardagi yetakchi turagentliklar, mehmonxonalar rahbarlari hamda sanoat korxonalari vakillari ishtirok etishdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi, tashqi savdo aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan hukumat darajasidagi chora-tadbirlar, yaratilgan qulay shart-sharoitlar, so‘nggi yillarda iqtisodiyotni liberallashtirish yuzasidan amalga oshirilgan islohatlar haqida  so‘zlab berildi.

O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati, sayyohlar uchun jozibador yo‘nalishlar to‘g‘risida alohida  taqdimot o‘tkazildi.

Bolgar tomoni mehnat migratsiyasi sohasida va O‘zbekistonning nufuzli universitetlari bilan doimiy hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga tayyorligini maʼlum qildi.

Tadbir yakunida, sayyohlik agentliklari tashriflarini amalga oshirish, markazlashgan holda mehnat migrantlarning Nesebrda ishga jalb etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Diplomatlar tashrifi davomida, shuningdek,  Nesebr shahrida  tajriba  almashish uchun kelgan o‘zbekistonlik talabalar bilan ham uchrashdilar.