2025-yil 1-2-iyun kunlari Samarqand shahridagi “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazida Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish hamda sarmoya va ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirishga qaratilgan ikkinchi Oʻzbekiston-Xitoy hududlararo forumi boʻlib oʻtadi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati.
Forumda 1500 dan ortiq ishtirokchi, jumladan, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari, hukumatlar, viloyatlar hokimliklari, shuningdek, fan va taʼlim muassasalari vakillari ishtirok etadi.
Forum oʻtkazishdan maqsad yangi qoʻshma loyihalarni muhokama qilish va ishga tushirish, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni kengaytirish uchun barqaror platforma yaratishdir.
Hududlar darajadagi amaliy hamkorlik, kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash, yuqori texnologiyalar, raqamlashtirish va yashil iqtisodiyotni rivojlantirish hamda madaniy-maʼrifiy almashinuviga asosiy eʼtibor qaratiladi.
Forum dasturidan plenar sessiya, panel munozaralari, B2B, G2B va G2G uchrashuvlari, qoʻshma mahsulotlar koʻrgazmasi, shuningdek, qishloq xoʻjaligi, taʼlim va innovatsiyalar, ayollar tadbirkorligi sohalarida ixtisoslashtirilgan tadbirlar oʻrin olgan.
Forum doirasida qator kelishuvlar imzolanishi va yangi investitsiya loyihalarini ishga tushirish rejalashtirilgan. Forum O‘zbekiston hududlari va Xitoy provinsiyalari o‘rtasidagi har tomonlama sheriklikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘lib, uzoq muddatli hamkorlikka katta qiziqish va ishonchni yana bir bor namoyon etadi.
Forumda ishtirok etish uchun quyidagi havola orqali roʻyxatdan oʻtishingiz mumkin: https://invest.miit.uz/en/events/uzbekistan-china-forum?to=register