12 avgust 2024

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakillari boshchiligidagi biznes missiyasi Ispaniyaga tashrif buyurdi

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakillari boshchiligidagi biznes missiyasi Ispaniyaga tashrif buyurdi, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.

Ispaniya kompaniya va tashkilotlari vakillari bilan bir qator uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Shu tariqa, Alikante shahrida Tanned Group, Elche shahrida – Valensiya poyabzal kompaniyalari uyushmasi (Avecal), Silla shahrida – Incusa kompaniyasi, Valensiyada – Cámara de Comercio de Valencia tashkiloti bilan muzokaralar olib borildi.

Savdoni rivojlantirish va charm mahsulotlari uchun muqobil yetkazib berish zanjirlarini topish, poyabzal ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun blankalar, yarim tayyor mahsulotlar va xomashyo yetkazib berish, mahsulotlarni standartlashtirish va o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar uchun LWG sertifikatini olish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston delegatsiyasi vakillari Valensiya Savdo-sanoat palatasi vakillari bilan oʻzaro savdo aylanmasini rivojlantirish va sarmoyaviy imkoniyatlardan foydalanish masalalarini muhokama qilishdi.

Uchrashuvlar yakunida savdo sohasida hamkorlik va tajriba almashish, joriy yilning sentabr oyida Milanda boʻlib oʻtadigan koʻrgazmada B2B uchrashuvlarini tashkil etish masalalari, aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida Oʻzbekiston va Ispaniya tadbirkorlarining oʻzaro tashriflari boʻyicha kelishuvga erishildi.