O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Britaniyaning ‘‘AKS Services Group’’ kompaniyasi bosh direktori Vays Kays bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
‘‘AKS Services Group’’ 2009-yilda Buyuk Britaniyada tashkil etilgan va iqtisodiy tahlil, moliyaviy menejment, mahsulot eksporti va logistika, xalqaro savdoni osonlashtirish kabi sohalarda xizmatlar ko‘rsatadi. Bundan tashqari, uning asosida vaqti-vaqti bilan xalqaro savdoni rivojlantirish bo’yicha seminar va treninglar tashkil etilmoqda.
Ayni paytda kompaniya O‘zbekistondan Buyuk Britaniyaga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilmoqda. Uning hududiy vakolatxonasi Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida faoliyat yuritadi.
Muzokaralar davomida ‘‘AKS Services Group’’ kompaniyasining mamlakatimizdagi faoliyatini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha qurilish, savdo, tog‘-kon sanoati, ta’lim va mehnat migratsiyasi sohalarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi.