24 fevral 2025

Britaniya kompaniyasi O’zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni import qilishga qiziqish bildirmoqda

O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Britaniyaning ‘‘Wholefoods Glasgow’’ va ‘‘Foodasia’’ kompaniyalari ijrochi direktori Muhammad Xon bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Uchrashuvda O‘zbekistondan Buyuk Britaniya bozoriga qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik mahsulotlari eksportini yo‘lga qo‘yish va xorijiy hamkorlar topish masalalari muhokama qilindi.

‘‘Wholefoods Glasgow’’ va ‘‘Foodasia’’ ikkalasi ham Shotlandiyada joylashgan va qishloq xo’jaligi mahsulotlarini boshqa mamlakatlardan import qiladi. Ularning asosiy faoliyati oziq-ovqat mahsulotlarining ulgurji savdosi hisoblanadi.

Uchrashuvda britaniyalik tadbirkorga O‘zbekistonda yetishtirilayotgan mahsulotlar haqida ma’lumot berildi. Muhammad Xon Britaniya bozoriga turli mahsulotlarni olib kirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini oshirish, yetkazib berish tarmog‘ini boshqarish, eksportni rag‘batlantirish, mahsulotlarni eksport talablari asosida qadoqlash va talab qilinadigan standartlarga muvofiqligini ta’minlash masalalari ham muhokama qilindi.

Mazkur yo‘nalishlarda respublikamiz fermerlari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchilar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaror qilindi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha 2025-yil 17-19-mart kunlari London shahridagi “ExCel” xalqaro koʻrgazmalar markazida boʻlib oʻtadigan Xalqaro oziq-ovqat va ichimliklar forumida (IFE) oʻzbek eksportyorlarining ishtiroki doirasida muzokaralar tashkil etish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

IFE – «Xalqaro oziq-ovqat va ichimliklar ko’rgazmasi» dunyodagi eng yirik oziq-ovqat va ichimliklar ko’rgazmalaridan biri bo’lib, har yili ishlab chiqaruvchilar, distribyutorlar, chakana savdo va mehmonxona sanoati mutaxassislarini bir joyda birlashtiradi. Bu yangi mahsulotlarni taqdim etish, shuningdek, ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchi kompaniyalar o‘rtasida ishbilarmonlik aloqalari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, bozorning yangi imkoniyatlarini o‘rganish imkonini bermoqda. Ko’rgazmada 30 000 ga yaqin tashrif buyuruvchilar, jumladan 1500 dan ortiq ishlab chiqaruvchilar ishtirok etishi kutilmoqda.