O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Buyuk Britaniyaning yirik investitsiya va sanoat konglomerati ‘‘Hinduja Group’’ raisi Gopichand Hinduja bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Gopichand Hinduja — hindistonlik, britaniyalik milliarder biznesmen, u ayni damda Buyuk Britaniyaning oilaviy boyligi (47 milliard dollardan ortiq) bo‘yicha eng boy odam hisoblanadi. U 1914-yilda otasi tomonidan asos solingan, bugungi kunda global sanoat va moliyaviy konglomerat hisoblangan ‘‘Hinduja Group’’ oilaviy biznesiga rahbarlik qiladi.
Eslatib oʻtamiz, xolding avtomobilsozlik, neftni qayta ishlash, telekommunikatsiya, moliya, taʼlim, tibbiyot va boshqa sohalarni qamrab oladi.
Suhbat chog‘ida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy, shuningdek, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Britaniya kompaniyasi O‘zbekiston bilan yaqin hamkorlikdan manfaatdor ekani ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha yuqoridagi yo‘nalishlarda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.