Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Dog‘iston Respublikasida bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Tashrif davomida delegatsiya Dog‘istonning Magaramkent viloyatida joylashgan alkogolli ichimliklar va asosan vinochilik ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “VEKHA” MChJ faoliyati bilan tanishdi, shuningdek, korxona hududida joylashgan tokzorlarga tashrif buyurdi.
Delegatsiya Dog‘iston Respublikasi uzumchilik va alkogol mahsulotlarini tartibga solish qo‘mitasi raisi Sherif Kerimxanov bilan muzokaralar olib bordi va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish va hudud imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish maqsadida Dog‘iston Respublikasidan mutaxassislar va investorlardan iborat rasmiy delegatsiyani Buxoro viloyatiga tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Derbent shahrida shahar hokimligi rahbari Ahmad Quliev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, unda madaniy-gumanitar va turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Buxoro viloyati delegatsiyasi Derbent shahridagi “Norinqal’a” tarixiy obidalari va “Juma masjidi”ni ziyorat qildi.
Derbent konyak zavodida Buxoro viloyati vakillari spirtli ichimliklar ishlab chiqarish jarayoni, vino mahsulotlarini saqlash sharoitlari va uni amalga oshirish bilan bog‘liq loyihalar bilan tanishdi.
Maxachqal’a shahrida Dog‘iston Respublikasi hukumati rahbari Abdulmuslim Abdulmuslimov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va ijtimoiy-madaniy sohalarda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar. Muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘zaro hamkorlik bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash, shuningdek, Maxachqal’a shahrida O‘zbekiston savdo uyini ochish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Tomonlar turizm sohasidagi ilg‘or tajriba almashishga ham kelishib oldilar. Buxoro viloyati turizm boshqarmasi va Dog‘iston Respublikasi turizm vazirligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Tashrif doirasida ikki tomon ishbilarmon doiralari vakillarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi, unda investitsiya jalb etish, sanoat va savdo kooperatsiyasi masalalari muhokama qilindi.