10 oktabr 2024

Xitoyning Guandun provinsiyasi Ayollar biznes alyansiga aєzo kompaniyalari delegatsiyasi O‘zbekistonga keladi

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari Guandun provinsiyasi Ayollar biznes alyansi (‘‘Women’s Business Alliance’’) asoschisi Chjao Chjesian boshchiligidagi Xitoy kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda ‘‘Dunyo’’ AA muxbiri.

Uchrashuv avvalida mamlakatimizda yaratilgan qulay biznes muhiti, sohada amalga oshirilgan islohotlar, hududlardagi investitsion holat, ichki va tashqi bozorlardagi imkoniyatlar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.

‘‘Shenzhen Excellence Time Industrial Co., Ltd.’’ kompaniyasi raisi, ‘‘Guangzhou Watch Chamber of Commerce’’ uyushmasi raisi o‘rinbosari Zan Yin O‘zbekistonda qo‘l soati ishlab chiqarish loyihasini o‘rganish, mamlakat ichida va tashqi bozorlarda sotish imkoniyatlari yuzasidan qiziqishi mavjudligini bildirdi.

Guandun avtomobil yetkazib berish palatasi bosh kotibi Chjen Donfu provinsiyada so‘nggi yillarda avtomobil ishlab chiqarish sanoati jadal sur’atlarda rivojlanib borayotganligi ushbu sohada katta raqobatni yuzaga keltirganini ta’kidladi.

Xitoy tomoni bilan joriy yil noyabr oyida ushbu kompaniyalar vakillarining O‘zbekistonga safarini amalga oshirish, tashrif doirasida hududlardagi biznes imkoniyatlarni joyida o‘rganish, Farg‘ona, Samarqand viloyatlari hokimliklari va ‘‘O‘zeltexsanoat’’ uyushmasi mutasaddilari bilan uchrashuvlar tashkil qilishga kelishib olindi.