07 noyabr 2023

Tog’-kon sanoati va geologiya vazirligi va “Navoiyuran” DK vakillaridan iborat delegatsiya Xitoyning CNNC korporatsiyasi loyihalari bilan tanishdi

Xitoy Milliy Yadro Korporatsiyasi (China National Nuclear Corporation – CNNC) taklifiga binoan, Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari, “Navoiyuran” davlat korxonasi bosh direktori Dj.Fayzullayev boshchiligidagi vazirlik va korxona mutaxassislaridan iborat delegatsiya Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan “Tabiiy uran sanoatini rivojlantirish bo‘yicha birinchi xalqaro forumi”da ishtirok etdi. Bu haqida vazirlik matbuot xizmati xabar beradi.

Tashrif doirasida CNNC vitse-prezidenti Shen Yanfen bilan uchrashuv tashkil qilindi hamda “Navoiyuran” DK va CNNC o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

Shuningdek, muloqotlar davomida uran sanoati bilan bog‘liq boshqa investitsion loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ham o‘zaro fikr almashildi.

Vazirlik va “Navoiyuran” DK vakillari gidrotermal uran konidagi yer osti rudalarini qazib olish va uran tarkibidagi rudalarni uyum bilan qayta ishlash faoliyati bilan tanishdi. Delegatsiya texnologik jarayonda ishchilarning ishtirokini minimallashtirish imkonini beruvchi zamonaviy raqamli texnologiyalar bilan jihozlangan uranni yer ostida eritmaga o‘tkazish konida ham bo‘ldi.

Xitoy Milliy Yadro Korporatsiyasi (CNNC) mamlakatdagi global yadroviy loyihalar bo‘yicha yetakchi hisoblanadi. Korporatsiya Xitoyda amalda ishlab turgan va yangidan qurilayotgan mahalliy atom elektr stansiyalarining asosiy investori. Hozirda CNNC 22 ta amalda ishlayotgan va 6 ta yangidan qurilayotgan energobloklarga ega bo‘lib, Xitoydagi yagona uran ishlab chiqaruvchi yirik korporatsiya.