17 iyul 2025

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi delegasiyasi Pekinda ShHT ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi

Joriy yilning 16-iyul kuni Xitoy Xalq Respublikasining Pekin shahrida Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga (ShHT) a’zo davlatlar ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda SSP matbuot xizmati. Unda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov rahbarlik qilgan delegasiya ishtirok etdi.

Yig‘ilish davomida tomonlar mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, o‘zaro savdo va investisiyaviy munosabatlarni kengaytirish, shuningdek, raqamli infratuzilmani rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.

O‘z nutqida Dilshod Rasulov ShHT doirasidagi iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Palata tomonidan quyidagi tashabbuslar ilgari surilganini ma’lum qildi:

  • ShHT Xalqaro Innovasion Klasterlari dasturini ishlab chiqish — bu hamkorlikda yuqori texnologiyali, ilm-fanga asoslangan ishlab chiqarishni rivojlantirishni maqsad qiladi.
  • ‘‘SCO TradeNet’’ raqamli platformasini yaratish — savdo va logistika sohasini raqamlashtirish va davlatlar o‘rtasida ma’lumotlar almashinuvini avtomatlashtirish imkonini beradi.
  • ‘‘SCO Business School for SMEs’’ – Kichik va o‘rta biznes uchun o‘quv tarmog‘ini tashkil etish — tadbirkorlar salohiyatini oshirish, bilim va malaka almashish maqsadida mo‘ljallangan.
  • ‘‘ShHT Aqlli Chegara Hududlari’’ konsepsiyasini ishlab chiqish — chegaradosh hududlarda innovasion yondashuv asosida iqtisodiy zonalar tashkil etishni o‘z ichiga oladi.

Tashrif doirasida, shuningdek, delegasiya a’zolari ShHT mamlakatlari ishbilarmon doiralari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi va O‘zbekistondagi investison muhit hamda istiqbolli loyihalar haqida ma’lumot berdi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ShHT doirasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirishga tayyorligini yana bir bor tasdiqlaydi va yuqoridagi tashabbuslarni amalga oshirish yuzasidan aniq loyihalar ustida ish olib boradi.