14 fevral 2025

O‘zbekiston hududlari va Pokistonning Panjob viloyati o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha kelishuvga erishildi

O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Lahorga tashrifi doirasida Panjob viloyati gubernatori Sardor Salim Haydar Xon bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” muxbiri.

Muzokaralar chog‘ida hududlar o‘rtasida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, yangi istiqbolli yo‘nalishlarda o‘zaro aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi yil sayin ortib borayotgani va 2024-yilda 400 million dollardan oshgani, yangi turdagi mahsulotlar hisobiga tovar ayirboshlash hajmi har yili kamida 10-12 foizga oshib borayotgani, hududlar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish uchun barcha shart-sharoit yaratilganini ta’kidladilar.

Gubernator Panjob viloyati O‘zbekiston bilan chuqur tarixiy-madaniy ildizlarga ega bo‘lib, o‘xshash qadriyat va an’analar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish, xalq diplomatiyasi imkoniyatlaridan keng foydalanishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

“Biz Oʻzbekiston bilan ham hukumat, ham mintaqaviy darajadagi munosabatlarimizni yuksak qadrlaymiz. Biz mintaqalararo aloqalarni rivojlantirish tashabbusi va uning doirasida xalqlarimiz farovonligini oshirishga qaratilgan loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz. Biz bu loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyormiz”, — dedi u.

Viloyat hokimi 11-13-fevral kunlari Lahor shahrida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” sanoat ko‘rgazmasi tashkil etilganini yuqori baholadi va bunday tadbirlarning muntazam o‘tkazilishi har ikki tomon tadbirkorlarining o‘zaro xabardorligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

– Mazkur ko‘rgazma savdo aloqalari rivojida muhim qadam bo‘ldi. Ishbilarmon doiralar uchun yangi yo‘nalish va imkoniyatlarni aniqlash imkoniyati yaratildi. Panjob viloyatida ham ko‘plab sanoat tarmoqlari yuqori darajada rivojlangan va biz O‘zbekistonning iqtisodiy tarmoqlari, sanoat markazlari va erkin iqtisodiy zonalari bilan muayyan yo‘nalishlar bo‘yicha aloqa o‘rnatish va tajriba almashishga tayyormiz, — deya taklif qildi gubernator.

Panjob viloyati va Oʻzbekiston viloyatlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va hududlar tadbirkorlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish maqsadida viloyat gubernatori Sardor Salim Haydar Xonning viloyat ishbilarmonlari delegatsiyasi hamrohligida Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish, shuningdek, B2B formatida ekspertlar oʻrtasida ishbilarmonlik muzokaralari va muhokamalarini oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishildi.