19 iyul 2023

Misr kompaniyasi Jizzaxda yirik shakar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshiradi

O‘zbekiston elchisi Mansurbek Qilichev Misrning yirik shakar ishlab chiqaruvchi korxonalaridan biri «Nile Sugar» kompaniyasi ijrochi direktori Emad Farid bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Suhbat davomida kompaniya tomonidan O‘zbekistondagi loyihalarga investitsiya kiritish, jumladan, Jizzax viloyatida qand lavlagi yetishtirish va shakar ishlab chiqarishning to‘liq sikli loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Emad Farid joriy yil 28-29-may kunlari «Oraskom Investment Xolding» kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Nagib Saviris boshchiligidagi delegatsiya tarkibida O‘zbekistonga borganini va davlatimiz rahbari bilan uchrashuvini iliq esga oldi. U, shuningdek, safar chog‘ida O‘zbekiston Prezidenti tashabbuslari bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohot va yangilanishlarga guvoh bo‘lgani bildirdi. Xorijiy investorlarning erkin faoliyat yuritishi uchun keng sharoit va imtiyozlar mavjudligi, qulay investitsion muhit yaratilgani alohida taʼkidlandi.

Suhbatdosh O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasining rivojlangani, yerlarning unumdorligi, suv taʼminoti yaxshiligi, xususiy fermerlarni birlashtiradigan yagona davlat tizimi mavjudligidan xabardorligi bildirdi. «Ushbu omillar «Nile Sugar» kompaniyasi tomonidan mamlakatimizda shakar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish loyihasini amalga  oshirishga  turtki  bo‘lmoqda. Kompaniyamiz uchun Jizzax viloyati hududida ajratilishi rejalashtirilgan 52 ming gektar yer maydonida qand lavlagi yetishtirish va shakar ishlab chiqarishning to‘liq siklini o‘z ichiga olgan umumiy qiymati 500 million AQSh dollariga teng yirik investitsiyaviy loyihani amalga oshirishga tayyormiz», – dedi Emad Farid.

Misrdagi diplomatik  misssiya maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda biznes boshlash imkoniyatlari bilan  tanishish, Jizzax viloyatidagi yerlar unumdorligini o‘rganish uchun 17-21-iyul kunlari «Nile Sugar» kompaniyasi delagatsiyasi biznes missiya bilan mamlakatimizda bo‘lib turibdi.

«Nile Sugar» kompaniyasi 2006-yilda misrlik milliarder Savirislar oilasi tomonidan tashkil etilgan. Kompaniya qand lavlagi yetishtirish va shakar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Korxonaning shakar zavodi Iskandariya portidan 50 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, 2010-yilda foydalanishga topshirilgan. Lavlagini qayta ishlash bo‘yicha nominal ishlab chiqarish quvvati kuniga 7,5 – 11 ming tonnaga teng.