Orascom Construction Navoiy viloyatida qiymati 50 million dollarlik sanoat zonasini qurishni rejalashtirmoqda, deb xabar beradi Spot viloyat hokimligi matbuot xizmatiga tayanib.
12-iyun kuni Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Misr kompaniyasi vakillari bilan uchrashib, viloyatda sanoat zonasini barpo etish masalasini muhokama qildi.
Orascom Construction kompaniyasi 50 million dollarlik sanoat zonasini qurishni rejalashtirmoqda. Obyektning maydoni 200 gektarni tashkil qiladi.
Shuningdek, viloyat hokimligi tomonidan sanoat zonasi qurish uchun yaroqli yer uchastkalari haqida ma’lumotlar berildi.
Orascom xoldingi yaqinda O‘zbekiston bozorining bir qancha segmentlariga qiziqish bildirmoqda. Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov fevral oyida Misrga safari chog‘ida konglomerat rahbarlari bilan bir qator tashabbuslarni muhokama qildi.
Shu tariqa, Orascom Construction ijrochi direktori Ihab Mahaved lak-bo‘yoq va qurilish kimyosi ishlab chiqarish bo‘yicha sanoat parki qurish rejalarini ma’lum qildi. Energetika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, yo‘l infratuzilmasi kabi loyihalar ham ko‘rib chiqildi.
Qudratov “Orascom Investment” kompaniyasi prezidenti Amjad Sabri bilan uchrashdi. Tomonlar tog‘-kon sanoati va oziq-ovqat sanoati, shuningdek, mehmonxona majmualari qurilishi loyihalari ustida ishlashni rejalashtirmoqda.
Shavkat Mirziyoyev bilan tashrifi chog‘ida Orascom vakillari O‘zbekistonda 100 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini yaratishni taklif qildi. Keyinroq, may oyida prezident bilan uchrashuvda xolding rahbari Nagib Saviris investitsiya loyihalari paketini 1,2 milliard dollarga baholagan edi.