Yevropa investitsiya banki O‘zbekistonning Samarqand, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida Amirlik Masdarining uchta fotoelektr stansiyasini qurish uchun 83,6 million dollar miqdorida kredit ajratdi. Bu haqida “Gazeta.uz” xabar beradi.
Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan birgalikda YeIB umumiy quvvati salkam 900 MVt bo‘lgan uchta quyosh elektr stansiyasini qurish va ishga tushirishni moliyalashtirish uchun jami 396,4 million dollar miqdorida kredit ajratadi.
Loyiha Jizzax viloyatida 220 MVt quvvatga ega Nur Jizzax, Samarqand viloyatida 220 MVt quvvatga ega Nur Samarqand va Surxondaryo viloyatida 457 MVt quvvatga ega Nur Sherobod fotoelektr stansiyalarini qurishni rejalashtirayotgan Masdar (BAA) tomonidan amalga oshirilmoqda.
Mablag‘lar, shuningdek, elektr stansiyalarini umumiy tarmoqqa ulashga ham yo‘naltiriladi, bu O‘zbekistonning 2030-yilgacha 7 GVt quyosh va 5 GVt shamol energiyasi ishlab chiqarish rejasiga hissa qo‘shishi kutilmoqda. Loyiha, shuningdek, yillik issiqxona gazlari chiqindilarini bir million tonnadan ortiq CO2 ekvivalentiga kamaytirishga yordam beradi.
Qurilish joriy yilda boshlanishi kutilmoqda, 2024-yilda esa yangi fotoelektr stansiyalarni ishga tushirish rejalashtirilgan.