16 iyun 2025

Keyingi avlod farmatsevtika mahsulotlari: kelajak texnologiyalariga sarmoya kiritish

“Toshkent xalqaro investitsiya forumi-2025” doirasida “Keyingi avlod farmatsevtika mahsulotlari: kelajak texnologiyalariga sarmoya” mavzusida panel sessiyasi boʻlib oʻtdi, deb xabar qiladi ISSVmatbuot xizmati. Tadbirda jahon farmatsevtika sanoatining yetakchi ekspertlari, investorlar va ixtisoslashtirilgan tuzilmalar rahbarlari ishtirok etdi. Ishtirokchilar innovatsion texnologiyalar, genetik muolajalar va RNK asosidagi terapiyani rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Sessiyaga Garvard tibbiyot maktabi qoshidagi Xalqaro genetik kasalliklar markazi asoschisi va ijrochi direktori Aliriza Xagigi moderatorlik qildi. O’z nutqida u shunday ta’kidladi: ‘‘Biz butun dunyo hukumatlari bilan genomik tibbiyot va aniq tibbiyotni rivojlantirish uchun hamkorlik qilishga e’tibor qaratmoqdamiz. Biz bu xizmatlar nafaqat badavlat yoki omadli odamlar uchun emas, balki hamma uchun mavjud bo’lishi kerakligiga qat’iy ishonamiz’’.

Sessiyada so‘zga chiqqanlar:

  • Che Suik — Unimed Pharmaceuticals direktori;
  • Murat Battal — “Battal Holding” taʼsischilari va direktorlar kengashining vakolatli vakili;
  • Sarfaraz K. Niyozi, RNA Therapeutics kompaniyasi bosh direktori;
  • Anastasiya Kruglova, IQVIA Eurasia Cluster bosh direktori;
  • Abdulla Azizov, O‘zbekiston Respublikasi Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi direktori.

Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Oybek Elmurodov agentlik faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berdi:

‘‘Agentligimiz haqida qisqacha maʼlumot beradigan boʻlsak, Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida faoliyat yurituvchi Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi Oʻzbekistonda kuchli farmatsevtika sanoatini yaratishga masʼuldir. Shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga GMP, GDP va GLP sertifikatlarini beramiz’’.

Forumda “Unimed Pharmaceuticals” kompaniyasi direktori Che Suik ham so‘zga chiqib, shunday dedi: “Men Che Suik, O‘zbekiston va MDH davlatlarida UniMed vakiliman. Avvalo, ushbu forumda qatnashish imkoniyatini bergan O‘zbekiston hukumati va O‘zbekiston Prezidentiga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Shuningdek, farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi rahbari Abdulla Azizovga zavodlarimizni qurish va mamlakatimiz farmatsevtika sanoatini rivojlantirishga hissa qo‘shish imkoniyati uchun minnatdorchilik bildiraman. 1991-yilda tashkil etilgan kompaniyamiz hozirda Janubiy Koreyadagi yetakchi farmatsevtika kompaniyalaridan biri bo’lib, biz odamlarning salomatligi va xavfsizligini ta’minlash uchun eng yaxshi dori vositalarini taqdim etishda davom etamiz’’.

Sessiyada O‘zbekiston farmatsevtika sohasini rivojlantirish bo‘yicha davlat strategiyasi, shuningdek, hukumatning jahon miqyosida raqobatbardosh sanoatni yaratish bo‘yicha qat’iy qaroriga alohida e’tibor qaratildi.

Mutaxassislar yangi avlod dori vositalarini yaratish bo‘yicha o‘z tajribalari, xalqaro ilmiy hamkorlik masalalari, farmatsevtika startaplari va ilmiy markazlarida sarmoyaviy imkoniyatlar bilan o‘rtoqlashdi.