Toshkent Xalqaro Investitsiyalar Forumining ikkinchi kunida “Shariatga muvofiq moliyaviy vositalar orqali KOB subyektlarini moliyalashtirish: O‘sishni jadallashtirish yo‘lida” mavzusida panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda ISSV matbuot xizmati. Bunda ishtirokchilar kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishda halol, axloqiy va innovatsion moliyaviy mexanizmlarning o‘rni keng muhokama qildi.
Mazkur panel sessiyaga O‘zbekiston Islomiy moliya assotsiatsiyasi Kengashi raisi Bahrom Numanov raislik qildi. Tadbir davomida SEAF tomonidan boshqarilayotgan va yirik xalqaro moliyaviy institutlar – Islom taraqqiyot banki guruhi, Saudiya Taraqqiyot jamg‘armasi hamda O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilayotgan 100 million AQSh dollarlik “O‘zbekiston Iqtisodiy Imkoniyatlarni Kengaytirish Jamg‘armasi” (EEFU) platformasi taqdim etildi. Ushbu loyiha halol moliya vositalari orqali kichik biznes vakillarining imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Tadbirda quyidagi ekspertlar ishtirok etdi:
— Jan Cherim, SEAF boshqaruvchi direktori, GIC a’zosi
— Gari Dodj, SEAF boshqaruvchi direktori, GIC a’zosi
— Nikolay Yarmov, CEED asoschisi va bosh direktori
— Soumendra Rout, ACWA Power mamlakat bosh direktori
— Ali Xon, Qozog‘istondagi Islom taraqqiyot banki mintaqaviy markazi operatsiyalar bo‘yicha menejeri
— Kapil Lalvani, Vision Invest rivojlanish bo‘yicha bosh direktori
— Olim Yusupov, O‘zbekiston Tiklanish va Taraqqiyot Jamg‘armasi direktori o‘rinbosari
SEAF boshqaruvchi direktori, GIC (Global Investitsiya Qo‘mitasi) a’zosi Jan Cherim kichik va o‘rta biznes har bir iqtisodiyotining asosi ekanini aytib, ish o‘rinlarini yaratish, yangi g‘oyalar va innovatsiyalar aynan kichikroq hajmdagi tadbirkorlardan chiqishini ta’kidladi. Ekspertlar O‘zbekistonda islomiy moliyalashtirishga katta qiziqish borligini aytib, sohani rivojlantirishda davom etish kerakligini qayd etdi.
Islom taraqqiyot banki vakili Ali Xon bank tomonidan ajratilgan mablag‘larning ahamiyatini tushuntirdi va bu asosiy prinsiplarni sanab o‘tdi:
“Iqtisodiy imkoniyatlar haqida gapiradigan bo‘lsak, buning o‘zi moliyaviy qamrovdan ancha kattaroq hisoblanadi. Iqtisodiy imkoniyatlar dasturining muvaffaqiyatini ta’minlovchi bir qancha muhim jihatlar bor. Bunda faqat iqtisodiy rivojlanish emas, xususiy sektorning foyda ko‘rishi ham muhimdir”, — deydi u.
Ali Xon mamlakatlarning bank bilan yaqin hamkorligi ham moliyalashtirishda muhimiligini alohida qayd etib o‘tdi:
“Tarjibamizdan ma’lumki, ko‘plab davlatlarda ajratilgan mablag‘larning aksariyati qishloq joylariga yo‘naltiriladi. U yerda esa ko‘pchilikda mahsulotini kimgadir sotish uchun imkoniyat va hamkorlar bo‘lmaydi. Qulay qo‘llab-quvvatlovchi infratuzilma va bozorga kirish imkoniyatini yaratish ham juda muhim. Agarda bozorda erkin harakat yo‘lga qo‘yiladigan bo‘lsa, tadbirkorlardan bundan foyda oladi va xususiy investitsiya ham kirib keladi”, — deydi Islom Taraqqiyot Banki vakili.
O‘zbekiston energiya sektoridagi eng yirik Investor – ACWA Power mamlakat bo‘yicha bosh direktori Soumendra Rout O‘zbekiston bo‘ylab 19 ta loyihalarga jami 5 milliard AQSH dollari sarmoya kiritilganini bildirdi.
“Biz bu bilan to‘xtab qolmoqchi emasmiz. Maqsadimiz investitsiya hajmini oshirish hisoblanadi. Bu safargi Toshkent Xalqaro Investitsiya Forumida ham hukumat bilan yana 5 milliard dollarlik shartnoma imzolashni rejalashtirganmiz”, — deya ta’kidladi Soumendra Rout.
ACWA Power kompaniyasi islomiy moliyalashtirishda katta tajriba ekani va buni O‘zbekiston bilan bo‘lishishga tayyorligini ma’lum qildi. Soumendra Rout tomonidan shariyatga muvofiq moliya vositalari kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishda an’anaviy moliya vositalaridan ham ko‘proq yordam berishi mumkinligi ta’kidlandi.
Tadbir ishtirokchilari shariatga asoslangan moliyalashtirishning investitsion jozibadorligi, biznesni barqaror qo‘llab-quvvatlashdagi ustunliklari va ushbu modelning O‘zbekistonda keng tatbiq etilishi istiqbollari xususida o‘z fikrlarini bildirishdi.
Mazkur muloqot maydoni mamlakatda adolatli va inklyuziv moliyaviy tizimni shakllantirish yo‘lida yana bir muhim qadamlardan biri bo‘ldi.