10 iyun 2025

To‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish va kiyim-kechak sanoati hamda ta’minot zanjiriga investitsiyalar

10-iyun kuni Toshkent Xalqaro Investitsiyalar Forumi doirasida “To‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish va kiyim-kechak sanoati hamda ta’minot zanjiriga investitsiyalar” mavzusida panel sessiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati. Unda O‘zbekistonning boy to‘qimachilik merosi va sanoatdagi yangi imkoniyatlar muhokama qilindi.

Sessiyaga “Oqsaroy Group” kompaniyasining biznesni rivojlantirish masalalari bo‘yicha direktori Jamil Maksudi moderatorlik qildi. U o‘z nutqida O‘zbekistonda asrlar davomida shakllangan to‘qimachilik an’analari bugun xorijiy investitsiyalar hisobiga yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ta’kidladi.

Panelda ishtirok etgan spikerlar:

  • Mansurjon Rasulev, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalarni rag‘batlantirish agentligi direktori vazifasini bajaruvchi
  • JeYong Park, “Youngone Corporation” prezidenti
  • Muzaffar Razakov, “Global Textile” bosh direktori
  • Akmal Primqulov, “Wildberries Uzbekistan” bosh direktori

Ular O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatining jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish, yetkazib berish zanjirlarini optimallashtirish va ekologik barqarorlikka erishish bo‘yicha fikr almashdilar. Xususan, xorijiy investorlarning ishtiroki va ilg‘or texnologiyalarning joriy etilishi orqali mahsulot sifatini oshirish, eksport geografiyasini kengaytirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash yo‘llari muhokama qilindi.

“Wildberries Uzbekistan” bosh direktori Akmal Primqulov elektron tijorat orqali chakana savdodagi o‘zgarishlarni ta’kidladi:

  • Chakana savdo keskin o‘zgarmoqda va Wildberries’da biz ishlab chiqaruvchilarni butun dunyo bo‘ylab millionlab mijozlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘laydigan, chegaralarni tan olmaydigan raqamli ekotizimni yaratdik. O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar uchun bu juda katta imkoniyat. Elektron tijorat bozorini tezlashtirgan COVID-19 pandemiyasi tufayli biz endi raqamli dunyoga qo‘shilish imkoniyatiga egamiz. Bu nafaqat mahsulotlarni sotish, balki biznesingizni to‘liq raqamli modelga aylantirish imkoniyatidir.

Bugungi kunda bozorda eng muhimi – mijoz ishonchini qozona olish. Ishlab chiqaruvchilar va mijozlar har qachongidan ham yaqinroq aloqada bo‘lib, muloqot usullari, sifat va yetkazib berish muddatlarida uyg‘unlikni izlaydilar. XXI asr biznes yuritishniing an’anaviy tartibini o‘zgartirmoqda va eski usullarga o‘rganib qolgan kompaniyalar uchun ham rivojlanish vaqti keldi.

Brending – yana bir muhim element. O‘zbekiston ulkan iste’dodlar Makoni bo‘lishi bilan birga, boy merosga ham ega. Biz butun dunyoga Zara yoki boshqa jahon brendlari kabi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ham xalqaro maydonda o‘z o‘rniga ega bo‘lishini ko‘rsata olamiz. Biz o‘zbekistonlik sotuvchilarni o‘z mahsulotlarini butun dunyo bo‘ylab eksport qilishga jalb etish uchun doimiy harakatdamiz va raqamli elektron tijoratga erta moslashganlar kelgusi besh yil ichida bozorda yetakchilik qiladi, deb o‘ylayman.

“Youngone Corporation” kompaniyasi prezidenti JeYong Park O‘zbekistonning tabiiy tola va to‘qimachilik bo‘yicha bugungi kunga qadar kuchli tomonlari hisoblangan an’anaviy ishlab chiqarishdan yangi bosqichga ko‘tarilishi muhimligini ta’kidlab, shunday dedi:

– Mamlakat tabiiy tola va to‘qimachilik bo‘yicha o‘zining an’anaviy ravishda ishlab chiqarish borasida mukammalligi bilan mashhur – bu mahalliy sanoat va hunarmandchilikning taraqqiy etganligidan ko‘rinib turibdi. Lekin keyingi bosqichga chinakamiga o‘tish uchun O‘zbekiston ikkita narsaga e’tibor qaratishi kerak:

  • Birinchidan, yuqori darajadagi texnologiyalarga, ayniqsa, kimyoviy tolalarga sarmoya kiritish. Bu to‘qimachilik va tikuvchilik sanoatiga bosqichma-bosqich rivojlanish emas, balki oldinga sakrash imkonini beradi.
  • Ikkinchidan, o‘lkaning mehnatkash aholisi. Ishchi kuchi o‘sishning tayanchidir. Bangladesh va Vetnam kabi bozorlarda bizning birinchi qadamimiz har doim odamlarga sarmoya kiritishdir – ularni o‘qitish, texnikalar kiritish, bozorda innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlaydigan ilmiy-tadqiqot markazlarini tashkil etish. Bu poydevorsiz sifat va samaradorlikni ta’minlash imkonsiz.

Men faqatgina ishlab chiqarish sexlarining kuchiga tayanish qanchalik muhimligi haqida ortiqcha baho bera olmayman – bu yerda sizning butun sanoat salohiyatingiz yo boshlanadi yoki pasayadi. Shuning uchun iltimos, paxta va tabiiy tolalar bilan bir joyda turib qolmang. Ilg‘or texnologiyalarni joriy qilishda davom eting, aholining kuchidan unumli foydalanishga urining. Shu tariqa jahon bozorida uzoq muddatli raqobatbardoshlikni ta’minlaysiz.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalarni rag‘batlantirish agentligi direktori vazifasini bajaruvchi Mansurjon Rasulev kengroq investitsiya nuqtai nazarini taklif qildi:

– Bir narsaga diqqatingizni qaratsam: Biz O‘zbekiston haqida taqdimotlar, roud-shoular qilganimizda asosiy ta’kidlaydigan narsalarimiz – arzon ishchi kuchi, inson kapitalining ko‘pligi, energiya narxining pastligi va hokazolar. Ammo, jahonda shunga o‘xshash qiymat taklifini bera oladigan boshqa ko‘plab bozorlar mavjud. Xo‘sh, u holda O‘zbekistonning o‘ziga xosligi nimada? O‘zbekiston juda uzoq vaqt davomida  – 2017-yilgacha yopiq edi. Xorijiy investitsiyalar miqdori eng past darajada edi. 2017-yilda jalb qilingan investitsiyalar taxminan 3 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yilda biz investorlar bilan umumiy qiymati 35 milliard dollarlik shartnomalar imzolashga erishdik. Bu o‘n barobar o‘sish demakdir. Islohotlar boshlanganida ko‘plab ekspertlar va kompaniyalar bunga shubha bildirishgandi. Ular o‘sha vaqtda “O‘zbekiston shuncha vaqt yopiq bo‘lgan, buy ana takrorlanmasligini kim kafolatlaydi?” degan savolni o‘rtaga tashlashgan. Ma’lum ma’noda ular haq edilar. Biroq sakkiz yil ichida biz islohotlarga sodiqligimizni so‘z bilan emas, balki amalda isbotladik. Bugun biz JSTga a’zo bo‘lish arafasida turibmiz. Davlatimiz rahbari tomonidan 2026-yil yakuniy muddat etib belgilandi. Ayni damda bunga doir muzokaralar rejaga muvofiq ketmoqda. Bu nimani anglatadi? Tarixiy imkoniyatlar davri boshlanmoqda. 2026-2027-yillardan boshlab O‘zbekiston kuchli raqobatbardosh bozorga aylanadi. Hozir sarmoya kiritganlar eng yuqori foyda oladi. Mening aytmoqchi bo‘lganlarim shulardan iborat.

Ushbu fikrlar O‘zbekistonning to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini global raqobatbardosh sanoatga aylantirish strategiyasida texnologik modernizatsiya va uzoq muddatli izchil islohotlarning har tomonlama ahamiyatini to‘laqonli ochib berishga xizmat qildi.