Xitoyning Dungguan shahrida “O‘zbekiston hududlari va tarmoqlarida sarmoyaviy imkoniyatlar” mavzusidagi navbatdagi biznes-forum bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Mamlakatimizning Guanchjou shahridagi Bosh konsulligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda 50 dan ortiq mahalliy kompaniya vakillari ishtirok etdi.
“O‘zbekistonning sarmoyaviy salohiyati” taqdimoti mamlakatimizda biznes yuritish uchun yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti, imtiyozlar tizimi, hududlarning drayver tarmoqlari, istiqbolli loyihalar bo‘yicha fikr almashish maydoniga aylandi.
Buxoro viloyati hokimligining Investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i Fatullo Ro‘ziev viloyatda yaratilgan ishbilarmonlik muhiti, sanoat va turizm sohalarida amalga oshirilayotgan istiqbolli investisiya loyihalari haqida ma’lumot berdi.
Tadbir ishtirokchilari ikki davlat fuqarolari uchun joriy etilgan 30 kunlik vizasiz rejim hamda Toshkent-Guanchjou yoʻnalishi boʻyicha haftasiga 10 ta toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar amalga oshirilishi oʻzaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni faollashtirishga xizmat qilishini va sayyohlik kompaniyalari uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratishini taʼkidladi.
Xitoy ishbilarmon doiralarining mamlakatimiz hududlariga tashriflarini faollashtirish va amaliy natijalarga erishishga qaratilgan hamkorlikni kengaytirish masalalari Xitoy-Yevropa iqtisodiy va texnologik hamkorlik assotsiatsiyasi ‘‘Yashil qo‘mitasi’’ ijrochi raisi Lin Lyan va Guanchjou Savdo-sanoat palatasi rahbariyati bilan Dungguan shahrida muhokama qilindi.