O‘zbekiston Bosh konsulligida “Rossiyani qo‘llab-quvvatlash” Butunrossiya kichik va o‘rta biznes jamoat tashkilotining Sverdlovsk viloyati bo‘limi rahbari Aleksey Chudinov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Uchrashuvda Oʻzbekistondan ishchi kuchini jalb qilish, turizm sohasida hamkorlikni mustahkamlash, oʻzbekistonlik sheriklar bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalarda oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.
Rossiya tomoni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, xususan, xorijiy investorlarga berilayotgan imkoniyatlar, turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash, mamlakatimizga sayyohlar oqimini ko‘paytirish masalalari bilan tanishib, yangi sarmoyaviy loyihalar taklif etildi.
O‘z navbatida, Aleksey Chudinov tashkilot maxsus platforma ko‘magida O‘zbekistonning sarmoyaviy va eksport salohiyatiga oid loyihalarni nufuzli investorlar orasida faol targ‘ib qilishini aytdi.
Muloqot yakunida tomonlar turizm sohasini rivojlantirish maqsadida Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlarining turizm salohiyatini namoyish etish maqsadida Sverdlovsk viloyatidagi yirik sayyohlik kompaniyalari vakillari ishtirokida taqdimot tadbirini tashkil etishga kelishib oldilar. .