O‘zbekiston Bosh konsulligi Xitoyning “NOVA International Belt and Road Platform” assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda Guanchjou shahrida “O‘zbekistonning investitsiya imkoniyatlari” mavzusida biznes-forum o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Unda 50 ga yaqin mahalliy kompaniya vakillari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizda xorijiy kompaniyalar uchun yaratilgan qulay va xavfsiz ishbilarmonlik muhiti, imtiyoz va preferensiyalar tizimi, hududlarning haydovchi tarmoqlari va istiqbolli loyihalar haqida so‘zlab berildi.
Tadbir yakunlari bo‘yicha joriy yilning avgust oyida Andijon viloyatiga biznes missiyasini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Delegatsiya tarkibiga qurilish materiallari, sport anjomlari ishlab chiqarish, mebel sanoati va qishloq xo‘jaligi sohalarida faoliyat yurituvchi kompaniyalar vakillari kirishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, forum doirasida mazkur assotsiatsiyaga aʼzo kompaniyalarning Oʻzbekistonga tashriflarini tashkil etish, shuningdek, ularning mamlakatimizda oʻtkaziladigan xalqaro forum, koʻrgazma va yarmarkalarda kelgusida ishtirok etishi masalalari “NOVA xalqaro belbogʻ va yoʻl platformasi” rahbari Yu Ting bilan muhokama qilindi.