16 iyul 2025

O’zbekistonning sarmoyaviy salohiyati Singapur biznesining e’tiborini tortmoqda

Singapurning eng qadimiy biznes uyushmalaridan biri bo‘lgan Singapur-Hindiston Savdo-sanoat palatasi (SICCI) tomonidan O‘zbekiston sarmoyaviy salohiyati taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Tadbirda Singapurning oziq-ovqat, farmatsevtika, axborot texnologiyalari va logistika sohalarida faoliyat yuritayotgan yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

Ishtirokchilarga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va mavjud erkin iqtisodiy va sanoat zonalarida yaratilgan sarmoyaviy sharoitlar, respublikaning eksport salohiyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

‘‘Tadbirda Templeton Global’’ kompaniyasining sarmoya bo‘yicha bosh direktori Manraj Sekxon aktivlari ushbu kompaniya boshqaruviga o‘tkazilgan O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi faoliyati, shuningdek, mamlakatimizda biznesni rivojlantirish uchun qulay sarmoyaviy sharoitlar va imkoniyatlar haqida batafsil so‘zlab berdi.

Shuningdek, u mamlakatimizdagi iqtisodiy o‘zgarishlarni yuqori baholadi va O‘zbekiston bozorini Markaziy Osiyodagi eng jozibali bozor deb atadi, taqdimot ishtirokchilarini mamlakatimizda biznes yuritishga chaqirdi.

Tadbirda ishtirok etgan singapurlik ishbilarmonlar O‘zbekiston bilan hamkorlikka qiziqish bildirdi va ko‘plab savollarga javob oldi.

Taqdimot yakunlari bo‘yicha joriy yilning sentabr oyida O‘zbekistonga SICCI biznes missiyasini yuborish va respublika hududlarida biznes-forumlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.