08 yanvar 2025

Eronning Mozandaron viloyati O‘zbekiston viloyatlari bilan hamkorlik qilishga tayyor

O‘zbekiston elchisi Fariddin Nasrievning Eronning Mozandaron viloyatiga tashrifi doirasida viloyat hokimi Mehdi Yunusiy Rostamiy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Uchrashuvda ikki davlat oʻrtasidagi turli sohalarda, jumladan, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, sayyohlik, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish boʻyicha mintaqalararo hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish masalalari muhokama qilindi.

Viloyat hokimi so‘nggi yillarda Eron va O‘zbekiston rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi. Savdo-sanoat, sarmoya, qishloq xo‘jaligi, turizm kabi sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirish uchun salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.

Uchrashuvda mazkur sohalardagi aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi chora-tadbirlar rejasi yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar biznes vakillarining ikki mamlakat hududlariga o‘zaro tashriflarini tashkil etish va qo‘shma savdo ko‘rgazmalarini o‘tkazishga kelishib oldilar.