30 iyul 2025

Ispaniya kompaniyalari O‘zbekistonda ishlab chiqarishni mahalliylashtirishdan manfaatdor

O‘zbekiston elchisi Farrux Tursunov Valensiya muxtoriyatidagi Vilyarreal shahriga tashrifi chog‘ida Ispaniyaning kulolchilik mahsulotlari, qurilish va pardozlash materiallari, shuningdek, santexnika uskunalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bir qancha yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Xususan, Porcelanosa Grupo bosh direktori Silvestre Segarra Soriano bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot chog‘ida O‘zbekistonning sarmoyaviy muhiti va sanoat salohiyati, jumladan, xorijiy investorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning joriy chora-tadbirlari atroflicha taqdim etildi.

Porcelanosa Grupo keramik plitkalar, sanitariya-tesisat, oshxona va qurilish yechimlari ishlab chiqarish bo‘yicha jahon yetakchilaridan biridir. Kompaniya 1973-yilda tashkil etilgan va hozirda 100 dan ortiq mamlakatlarga mahsulot eksport qilmoqda. Porcelanosa Grupo o’zining innovatsion yondashuvi, yuqori sifatli mahsulotlari va premium segmentga e’tibori bilan mashhur. O‘zbekistonda kompaniya 20 yildan ortiq vaqtdan beri o‘zining rasmiy hamkori Premium Concept orqali taqdim etilgan bo‘lsa, 2021-yildan boshlab Toshkentda brendli ko‘rgazmalar zali faoliyat ko‘rsatmoqda.

Suhbat chog‘ida mamlakatimizda Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy sanoat markazini yaratish istiqbollariga ham ichki bozorga, ham eksportga alohida e’tibor qaratildi.

Kompaniya rahbariyati O‘zbekistonning sarmoyaviy jozibadorligini yuqori baholadi va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlarini yanada o‘rganishdan manfaatdorligini bildirdi. Ta’kidlanganidek, geografik joylashuvi, qulay logistika va barqaror iqtisodiy o‘sish sur’atlarini hisobga olgan holda O‘zbekiston guruhning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishning istiqbolli yo‘nalishi sifatida qaralmoqda.

Muzokaralarning davomi sifatida XSTONE kompaniyasining Sharqiy Yevropa bo‘yicha mintaqaviy menejeri Roman Pysko bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Korxona sun’iy tosh va chinni toshdan yasalgan innovatsion pardozlash materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Hamkorlikning turli mumkin boʻlgan formatlari, jumladan, qoʻshma ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek, ispan texnologiyalaridan foydalangan holda qisman mahalliylashtirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar infratuzilma va logistika imkoniyatlarini baholash, shuningdek, potentsial hamkorlar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekistonga tanishuv tashrifini tashkil etish niyatida ekanliklarini bildirdilar. Sanoat kooperatsiyasi doirasida ishlab chiqarish liniyalari va asbob-uskunalarni uzatish istiqbollari haqida so‘z yuritildi.

Yuqori sifatli santexnika mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Noken” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuvda mahsulotlarni keyinchalik mahalliylashtirish maqsadida O‘zbekiston santexnika bozorini birgalikda tahlil qilish istiqbollari muhokama qilindi. O‘zbekistonning uy-joy va mehmonxona sohalarida yuqori sifatli qurilish va muhandislik yechimlariga talab ortib borayotgani, bu o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochayotgani ta’kidlandi.

Uchrashuvlar yakunida ispan kompaniyalari rahbarlari Markaziy Osiyoda, xususan, istiqbolli va jadal rivojlanayotgan O‘zbekiston bozorida o‘z ishtirokini kengaytirishdan yuqori manfaatdor ekanliklarini bildirdilar. Oʻzaro hamkorlikning amaliy bosqichiga, jumladan, mamlakatga tashriflar, ishbilarmon uchrashuvlar oʻtkazish, shuningdek, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va qoʻshma investitsiya loyihalari boʻyicha aniq formatlarni ishlab chiqishga tayyorligi tasdiqlandi.