28 may 2025

Qoraqalpog‘istonga Misrdan 660 million dollar sarmoya jalb etilmoqda

O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi ko‘magida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev boshchiligidagi delegatsiyaning misrlik tadbirkor, BAAda ro‘yxatdan o‘tgan ‘‘Bell Energy’’ kompaniyasi boshqaruvi raisi Haysam Husayn bilan muzokaralari tashkil qilindi, deb xabar qilmoqda ‘‘Dunyo’’ AA muxbiri.

Uchrashuvda tomonlar Qoraqalpog‘istonning investitsion salohiyati, iqtisodiy ko‘rsatkichlari, istiqbolli xalqaro loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha imkoniyatlarini muhokama qildilar. Shuningdek, ‘‘Bell Energy’’ kompaniyasining ushbu hududda istiqbolli investitsiya loyihalarda ishtiroki masalasi ko‘rib chiqildi.

O‘tkazilgan muloqotlar natijasiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va ‘‘Bell Energy’’ kompaniyasi hamda uning biznes hamkorlari o’rtasida bir qator anglashuv memorandumlari imzolandi.

Hujjatlar neft mahsulotlarini saqlashga mo‘ljallangan omborlarini barpo qilish, chiqindilardan energiya ishlab chiqarish, bioetanol va aviatsiya yonilg’isi uchun xomashyo hisoblangan bambuk ekinzorlarini barpo qilish va bolalar farovonligini ta’minlashga qaratilgan ijtimoiy loyihalarni nazarda tutadi.

Imzolangan hujjatlarni amalga oshirish maqsadida tomonlar har bir loyihaning texnik jihatlari va moliyaviy masalalarini ishlab chiqish va o‘zaro muvofiqlashtirishga kelishib oldilar.