Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning ‘‘Shiyan Zhenke Industrial Technology’’ kompaniyasi rahbarini qabul qildi, deb xabar beradi viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Uchrashuvda Xitoy kompaniyasi tomonidan Farg‘onada ikki bosqichda amalga oshirish rejalashtirilayotgan maxsus transport vositalari ishlab chiqarish investitsion loyihasi muhokama qilindi.
Uchrashuv viloyat hokimi boshchiligidagi Farg‘ona viloyati delegatsiyasining joriy yil iyun oyida Xitoyga tashrifi doirasida Pekinda ‘‘Shiyan Zhenke Industrial Technology’’ kompaniyasi rahbarlari bilan o‘tkazilgan dastlabki muzokaralarning davomi bo‘ldi.
Ikki bosqichli investitsion loyihaning dastlabki bosqichida 20 mln dollar investitsiya hisobiga Farg‘onada yig‘ish, payvandlash va bo‘yash liniyalari tashkil etilib, yiliga 500 ta maxsus transport vositalari ishlab chiqariladi. Ikkinchi bosqichda qo‘shimcha 20 mln dollar investitsiya yo‘naltirilib, ishlab chiqarish quvvati oyiga 100 taga yetkaziladi. Loyihani to‘la amalga oshirish muddati 3 yilni tashkil etishi ma’lum qilindi. E’tiborlisi, ishlab chiqariladigan transportlar bozorga yangi mahalliy brend ostida yetkazib beriladi.
Xitoy tomoni loyihani joylashtirish bo’yicha viloyatdagi kichik sanoat zonalari hamda Qo‘qon EIZ hududidagi mavjud imkoniyatlarni o‘rganib chiqqach, muzokaralarni davom ettirishga kelishib olindi.