Amaliy safar bilan Xitoyda bo‘lib turgan Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari XXRning «CAMC Engineering» kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Viloyat hokimligi axborot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, unda «CAMC Engineering» kompaniyasi bilan hamkorlikda Qashqadaryo viloyatida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari yana-da jadallashtirish va yangi loyihalarni hayotga tadbiq etish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida yiliga 200 ming xorijiy sayyohga izmat ko‘rsatadigan “Qaynar” turistik-rekreatsion zonasini tashkil etish, jumladan, hududning xalqaro darajadagi master-rejasini ishlab chiqish to‘g‘risida kelishib oldilar.
O‘z navbatida, mazkur hududda 15 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritish asosida zamonaviy osma dor yo‘lini qurish bo‘yicha kelishuv hujjati imzolandi. Shuningdek, “Qarshi” xalqaro aeroporti yaqinidagi maxsus iqtisodiy zonasini hamkorlikda rivojlantirish xususida ham fikr almashildi.
Xitoy tomoni ushbu hududga xitoylik kompaniyalarni jalb qilgan holda uni kompleks rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikka tayyorligini maʼlum qildi.
Murotjon Azimov davlat rahbarimizning tadbirkorlik muhitini rivojlantirish, investitsiya faoliyatini har tomonlama rag‘batlantirish siyosatlari natijasida bugungi kunda O‘zbekistonda, shu jumladan, viloyatda kompaniya faoliyati uchun ulkan imkoniyatlar yaratilganini taʼkidladi.
Xitoyning «CAMC Engineering» kompaniyasi rahbariyati O‘zbekistondagi shu jumladan, Qashqadaryo viloyatidagi biznes muhitini qulayligini, keyingi rejalar viloyatga ko‘proq kompaniyalarni jalb etishga qaratilganligini taʼkidladi.
Bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunida Qashqadaryo viloyat hokimligi va CAMC Engineering» kompaniyasi o‘rtasida 16 million AQSH dollari qiymatdagi hamkorlik shartnomalari imzolandi.