20 oktabr 2023

Xitoy investorlari Oʼzbekistonda sunniy charm ishlab chiqarishga qiziqish bildirmoqda

“O’zcharmsanoat” uyushmasida “UzCharmExpo-Eurasia-2023” XV charm, poyabzal, attorlik, mo’yna, jun va mahalliylashtirilgan mahsulotlar xalqaro ko’rgazmasi doirasida “O’zcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev Xitoy Xalq Respublikasining Dongguan savdoni rivojlantirish uyushmasi aʼzolaridan iborat delegatsiya bilan uchrashdi, deb xabar beradi uyushma matbuot xizmati. Muloqot mavzusi O’zbekiston va Dongguan shahri o’rtasida charm-poyabzal sohasida savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarini kengaytirish, qo’shma korxonalar ochish va ko’rgazmalar faoliyatida tajriba almashish masalalari bo’ldi.

Uchrashuv avvalida Xitoy delegatsiyasiga mamlakatimiz charm sanoatining ishlab chiqarish, investitsiya, eksport salohiyati haqida taqdimot o’tkazildi. Xorijiy brendlarni jalb etish borasida olib borilayotgan ishlar to’g’risida maʼlumot berildi.

Dongguan savdoni rivojlantirish uyushmasiga aʼzo 10 dan ortiq kompaniyalar “UzCharmExpo-Eurasia-2023” xalqaro ko’rgazmasi doirasida mahalliy tadbirkorlar bilan B2B muloqotlar o’tkazadi. Unda mamlakatimizda sunniy charm ishlab chiqarishga qaratilgan sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish, attorlik buyumlarini “Аutsorsing” asosida O’zbekistonda ishlab chiqarish, charmsanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda zarur bo’ladigan kimyoviy moddalarni yekazib berish borasidagi masalalar atroflicha ko’rib chiqiladi.

Uchrashuvda “Dongguan Shenfeng New Material” hamda “Guandong Shenfeng Eco Technology” kompaniyalari rahbarlari O’zbekistonlik tadbirkorlar bilan sunniy charm ishlab chiqarish bo’yicha investitsion loyihani amalga oshirishga qiziqish bildirdi. Kompaniya rahbarlarining fikriga ko’ra bugungi kunda O’zbekistonda bu turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishga talab yuqori. Qulay logistika va atrofdagi yirik bozor esa mahsulotlar eksportini yanada kengatirishga xizmat qiladi.

Hamkorlikni kengaytirish borasidagi dastlabki kelishuvlarga “UzCharmExpo-Eurasia-2023” XV charm, poyabzal, attorlik, mo’yna, jun va mahalliylashtirilgan mahsulotlar xalqaro koʼrgazmasi doirasidagi muzokaralarda erishilishi belgilab olindi.