23 sentabr 2024

BAA kompaniyalari O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik loyihalarida ishtirok etishdan manfaatdor

Mamlakatimiz elchixonasi hamda O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamkorligida mamlakatimizning qator vazirlik va idoralari vakillaridan iborat delegatsiyaning Birlashgan Arab Amirliklariga ishchi safari uyushtirildi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Ushbu sayohat BAA investorlarini Oʻzbekistonda xususiylashtirish jarayonlari va davlat-xususiy sheriklik loyihalariga jalb etishga qaratilgan “Road Show” tadbirlarini oʻtkazish maqsadida tashkil etildi.

Tashrif davomida BAAning yirik xususiy kompaniyalari (‘‘Al Ghurair Investment’’, ‘‘RKH Investment Holdings’’, ‘‘AlNowais Investments’’, ‘‘MBS Global’’) va suveren fondlarida (‘‘ADQ’’, ‘‘ADFD’’, ‘‘Mubadala investment company’’) 20 ga yaqin ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi.

Yig‘ilishlarda davlat-xususiy sheriklik asosida ustuvor tarmoqlarda umumiy qiymati 30 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 63 ta loyiha va 21 ta ob’ekt taqdimoti tashkil etildi.

O‘zbekistonda investisiya muhitini yaxshilash, soliq yukini kamaytirish, bojxona to‘lovlarini yengillashtirish va investorlar huquqlarini qonunchilik orqali himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy jihatlari qayd etildi.

Shuningdek, joriy loyihalarning holatini tezlashtirish maqsadida BAA Energetika va infratuzilma vaziri, Investitsiyalar vazirligi rahbariyati, Abu-Dabi va Dubay savdo-sanoat palatalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Tashrif yakunlari bo‘yicha BAAning 10 ga yaqin kompaniyasi xususiylashtirish dasturi va davlat-xususiy sheriklik loyihalarida ishtirok etishga qiziqish bildirdi va kelgusidagi muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldi.