O‘zbekistonning Novosibirskdagi bosh konsuli Aslam Akbarov Krasnoyarsk o‘lkasi gubernatorining birinchi o‘rinbosari Sergey Ponomarenko bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Uchrashuvda viloyat rahbarining birinchi oʻrinbosari Oʻzbekiston bilan, xususan, Krasnoyarsk oʻlkasi va Surxondaryo viloyati oʻrtasidagi mintaqalararo hamkorlikning bugungi kundagi rivojlanishini yuqori baholadi.
Vitse-gubernator taʼkidlaganidek, Rossiyaning ushbu mintaqasi Oʻzbekiston bilan uzoq muddatli istiqbolda savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va sarmoyaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan alohida manfaatdor.
“O‘zbekiston – Krasnoyarsk o‘lkasi” logistika tarmog‘ini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi, bu, birinchi navbatda, yaqin kelajakda O‘zbekiston meva-sabzavotlarini import qilish uchun alohida transport-logistika markazini tashkil etishni nazarda tutadi.
O‘zbekiston bosh konsuli Aslam Akbarov Krasnoyarsk o‘lkasi bozorida mahalliy mahsulotlarning o‘rnini mustahkamlash masalasiga alohida e’tibor qaratdi.
Xususan, qishloq xo‘jaligidan tashqari, O‘zbekistonda bolalar ovqatlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, Krasnoyarsk o‘lkasining to‘qimachilik sanoati uchun mamlakatimizdan olib kelinadigan asbob-uskunalar va materiallar hajmini ko‘paytirish masalasini ko‘rib chiqish taklif etildi.
Rossiya tomoni, shuningdek, Krasnoyarsk turoperatorlarining Krasnoyarsk o‘lkasidan O‘zbekistonga, ayniqsa, gastronomik, etno va tarixiy turizm kabi yo‘nalishlarda sayyohlik oqimini ko‘paytirishga qiziqishi ortib borayotganini alohida ta’kidladi.
Muzokaralarning asosiy mavzusi ta’lim sohasidagi hamkorlik bo’ldi. Tomonlar Krasnoyarsk o‘lkasining yetakchi oliy o‘quv yurtlarida byudjet yoki grant asosida ta’lim olishlari uchun o‘zbekistonlik talabalar sonini ko‘paytirish yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar ikki tomonlama sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, Krasnoyarsk shahrida Surxondaryo, Fargʻona va Samarqand viloyatlari ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum oʻtkazish, kuzda Krasnoyarsk oʻlkasining yetakchi tadbirkorlari orasidan Oʻzbekiston viloyatlariga, shuningdek, Krasnoyarsk o‘lkasining yetakchi operatorlari orasidan mamlakatimizga alohida biznes missiyasini tashkil etishga kelishib oldilar.