O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Kuvaytning ‘‘AlJaber Group Holding’’, ‘‘Biomedix Medical Group Co.’’, ‘‘Advanced Medical German Co.’’, ‘‘Gulf Care General Trade.Co’’ (GCS) singari yirik kompaniyalari vakillarining Sirdaryo viloyatiga biznes missiyasi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda ‘‘Dunyo’’ AA muxbiri.
Oʻzbekiston elchixonasi xabariga koʻra, safar davomida Sirdaryo viloyati hokimining savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Bobur Xoʻjamov va Boyaut viloyati hokimi Dilfuza Oʻrolova bilan alohida uchrashuvlar boʻlib oʻtgan.
Muzokaralar davomida quvaytlik investorlarga Sirdaryo viloyatida xorijiy investorlar uchun yaratilgan sarmoyaviy muhit, viloyatdagi mavjud infratuzilmaning holati va amalga oshirilayotgan yangi loyihalar haqida ma’lumotlar berildi.
Sirdaryo viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati asosiy harakatlantiruvchi tarmoqlar hisoblangan turizm va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha atroflicha yoritildi. Tibbiyot va farmatsevtika sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va yangi loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, muzokaralar davomida Bayaut tumani markazida ko‘p qavatli uylar qurish, xizmat ko‘rsatish markazlari, tibbiy laboratoriya tashkil etish, ekoturizm korxonalarini ochish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish yo‘nalishida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Dilfuza O‘rolova xorijiy investorlar ishtirokida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish har ikki tomon uchun ham foydali bo‘lishini ta’kidlab, ularni amalga oshirishning texnik-iqtisodiy jihatlarini kompaniya mutaxassislari bilan birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Shundan so‘ng tomonlar o‘rtasida G2B va B2B formatlarida muzokaralar tashkil etildi. Ularda O‘zbekiston va Quvayt ishbilarmon doiralari vakillari kelgusidagi hamkorlikning amaliy jihatlarini muhokama qildilar.
Shuningdek, Quvayt vakillari Bayaut hududi salohiyati va taklif etilayotgan loyihalar bilan ham tanishdi.