O‘zbekiston Bosh konsulligi vakillari Qirg‘izistonning kigiz mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Kiyiz Group” korxonasi rahbari Sardor Salimov bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda hamkorlik istiqbollari, jumladan, O‘zbekistonning Farg‘ona vodiysi tadbirkorlari bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari, shuningdek, “Kiyiz Group” kompaniyasining O‘zbekistonda filialini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi. Mahalliy bozor uchun jozibadorligini kengaytirish maqsadida mahsulotlarni milliy madaniyat va qadriyatlarimizga moslashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
“Kiyiz Group” kompaniyasi rahbariyati O‘zbekistonda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash siyosati, jumladan, xorijiy sarmoyalarni jalb etishga ko‘maklashayotgan qulay investitsiya muhiti va tadbirkorlik sharoitlarini soddalashtirishga qaratilgan siyosatini yuksak baholadi.
Korxonaga tashrifi doirasida diplomatlar “Kiyiz Group” kompaniyasining ishlab chiqarish jarayoni, xomashyo bazasi va tayyor mahsulotlar ekspozitsiyasi bilan tanishdi. Qayd etilishicha, 2015-yilda O‘sh shahrida tashkil etilgan korxonada 50 turdan ortiq kigiz buyumlari va suvenirlar ishlab chiqarilmoqda. Korxona mahsulotlari ekologik me’yorlarga mosligi bois talab ortib borayotgani ishlab chiqarish hajmining oshishiga xizmat qilmoqda.
O‘zbekistonda kigiz mahsulotlari ishlab chiqarish uchun yetarli xomashyo bazasi mavjudligi, shuningdek, turizmni rivojlantirish va o‘ziga xos ekologik brendni shakllantirishga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan xorijiy sayyohlarning ushbu mahsulotlarga bo‘lgan yuqori qiziqishini inobatga olib, tomonlar O‘zbekistonda korxona filialini ochish bo‘yicha kelishuvga erishdilar. Mazkur loyihaning amalga oshirilishi yangi ish o‘rinlari yaratish va eksport hajmini oshirishga xizmat qiladi.