16 iyul 2024

Laziz Qudratov 1-Kavkaz investitsiya forumida ishtirok etdi

Joriy yilning 15-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi hukumat delegatsiyasining Checheniston Respublikasiga tashrifi doirasida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Grozniy shahrida bo‘lib o‘tgan 1-Kavkaz investitsiya forumida ishtirok etdi, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.

“Katta Kavkaz: dengizdan dengizgacha” deb nomlangan plenar sessiyasida ma’ruzachi sifatida so‘zga chiqqan Laziz Kudratov ikki davlat rahbarlari tomonidan o‘zaro savdo hajmini 30 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha qo‘yilgan vazifani bajarish uchun O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.

Rossiya Federatsiyasi O‘zbekistonning asosiy savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biridir. Oxirgi 7 yilda O‘zbekistonning Rossiya bilan tovar ayirboshlash hajmi 2,5 barobar o‘sdi va 2023-yil yakuniga ko‘ra qariyb 10 milliard dollarga yetdi. Asosiysi, o‘zaro yetkazib berilayotgan tovarlar tarkibi yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar hisobiga sifat jihatidan o‘zgarmoqda.

Shuningdek, munosabatlarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari qatorida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish uchun yangi qoʻshma sanoat zonalarini tashkil etish, qoʻshma moliyalashtirish vositalarini shakllantirish, turizmni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish ham belgilandi.

Bu borada ikki davlat prezidentlari raisligidagi Oʻzbekiston va Rossiya hududlari kengashining ahamiyati katta. O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhida ushbu hududlararo hamkorlik platformasi imkoniyatlarini yanada oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.

Ma’ruzachi Rossiya hududlari va Rossiya biznesi vakillarini O‘zbekistonda yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib o‘zaro manfaatli yangi loyiha va tashabbuslarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga chaqirdi.