29 iyul 2025

Laziz Kudratov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Ser Suma Chakrabarti bilan uchrashdi

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Ser Suma Chakrabarti bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda vazirlik matbuot xizmati. Suhbat davomida investitsiya muhitini yaxshilash va xorijiy investorlar bilan bevosita muloqotni rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslar muhokama qilindi.

Asosiy mavzu sifatida “Yangi O‘zbekiston – ulkan imkoniyatlarga ega yirik mamlakat” shiori ostida yil oxirigacha London va Dubayda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Roadshow tadbirlari muhokama qilindi. Ushbu tadbirlarda dunyoning 20 dan ortiq yetakchi investitsiya kompaniyalari ishtiroki kutilmoqda.

Shuningdek, formati takomillashganligi bois 8 mingdan ortiq ishtirokchini jamlagan Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TIIF) muvaffaqiyatli o‘tganligi, Prezident huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi faoliyati alohida qayd etildi. TIIF-2026ni o‘tkazish rejalari ham muhokama qilindi.

Bundan tashqari, mamlakat imidjini xalqaro miqyosda ilgari surish maqsadida Oil & Gas, The National, China Daily, Global Times, CGTN, Middle East Utilities kabi yetakchi xalqaro OAV bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda. Shu bilan birga, mahalliy investorlarni qo‘llab-quvvatlash va xorijiy hamkorlar takliflarini doimiy tahlil qilish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.