Londonda O‘zbekistonning sarmoyaviy, savdo-iqtisodiy salohiyatiga bag‘ishlangan biznes-forum bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Unda Buyuk Britaniyaning yetakchi kompaniyalarining 120 dan ortiq vakillari ishtirok etdi. Ular orasida ‘‘Shell’’, ‘‘British Petroleum’’, ‘‘Glencore’’, ‘‘JCB’’, ‘‘Lloyds’’, ‘‘WOOD&Co.’’, ‘‘Barclays’’, ‘‘Rio Tinto’’, ‘‘HSBC’’, ‘‘Weir Group’’, ‘‘Hinduja’’, ‘‘Unilever’’, ‘‘AstraZeneca’’, ‘‘Linde’’, ‘‘Renaissance Capital’’, ‘‘PwC’’, ‘‘CBRE’’, ‘‘Sturgeon Capital’’, ‘‘TheCityUK’’, ‘‘LSE’’, ‘‘Delphos’’, ‘‘JP Morgan UK’’, ‘‘White&Case’’, ‘‘Deutsche Bank UK’’, ‘‘Gold Atlantic’’ kabi kompaniyalar bor.
Ishtirokchilarga milliy iqtisodiyotni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va ularning huquqiy himoyasi haqida ma’lumotlar berildi, shuningdek, O‘zbekistondagi investitsion muhitga oid taqdimotlar bo‘lib o‘tdi.
Britaniya tomoniga qayta tiklanadigan energetika, kimyo sanoati, metallurgiya, metall qazib olish, elektrotexnika, farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati va sintetik tola ishlab chiqarish sohalarida 10 dan ortiq aniq investitsiya loyihasi taklif etildi.
Hamyurtimiz va hamkorimiz, yetakchi xalqaro “Fieldfisher” yuridik firmasi Nodir Sidiqov o‘z so‘zida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ochiqlik siyosati, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, jumladan, joriy etilgan imtiyozli soliq va bojxona tizimlari qulay shart-sharoit va ochiqlik yaratayotganini alohida ta’kidladi.
“Export Certifcation Limited” kompaniyasi vakili Rob Grinnall Britaniya biznesining O‘zbekistonga qiziqishi ortib borayotganini ta’kidladi. Islohotlar va yaxshilangan sarmoyaviy muhit tufayli O‘zbekiston yangi bozorlarda o‘z ishtirokini kengaytirish istagida bo‘lgan Britaniya kompaniyalari uchun jozibador maydonga aylanib bormoqda.
‘‘Morgan Allen Associates’’ kompaniyasi rahbari Stefano Falciani bugungi kunda O‘zbekiston bilan turli sohalarda ishbilarmonlik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun ulkan imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.
O‘zaro savdo va sarmoya hajmining ortib borayotgani Britaniya ishbilarmon doiralarining O‘zbekiston bilan iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yishga katta qiziqishi borligini yaqqol namoyon etishi ta’kidlandi.
Shuningdek, forum doirasida Britaniya kompaniyalari rahbarlari bilan alohida muzokaralar, “G2B” va “B2B” formatida uchrashuvlar oʻtkazilib, aniq sarmoyaviy va infratuzilma loyihalari muhokama qilindi.
Tadbir ishtirokchilari keyingi yillarda O‘zbekistonda sarmoyaviy muhit sezilarli darajada yaxshilangani, xalqaro kompaniyalarning mamlakatimizda biznes yuritishga qiziqishi ortib borayotganini ta’kidladilar. Shu nuqtai nazardan, bir qator kompaniyalar kelasi yilning noyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston-Buyuk Britaniya Savdo va sanoat kengashi (UBTIC) yig‘ilishi doirasidagi biznes-forumda ishtirok etish niyati haqida ma’lum qildi.