O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziya Kichik va o‘rta biznes xalqaro savdo assotsiatsiyasi (SMITA) prezidenti Megan Su bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Suhbatda Megan Su assotsiatsiyaga aʼzo kompaniyalar Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, respublika hududlarida, jumladan, oziq-ovqat sanoati va elektr jihozlari ishlab chiqarishda turli sohalarda kichik loyihalarni amalga oshirish mumkin.
SMITA prezidenti assotsiatsiyaga aʼzo kompaniyalar Oʻzbekistondan Malayziyaga turli meva-sabzavot mahsulotlarini olib kirishni tashkil etish, oʻzbekistonlik hamkorlarga oʻz mahsulotlarini onlayn platformalar orqali sotish boʻyicha dasturiy loyihalarni ishlab chiqishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunida SMITA rahbariyatining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish hamda o‘zaro savdoni kengaytirishga ko‘maklashish va investitsiyalarni jalb qilish maqsadida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.