25 mart 2025

Malayziya kompaniyasi O‘zbekistonda tog‘-kon sanoati sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor

O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning ‘‘Fortress Minerals’’ kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Ng Mun Fay bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda ‘‘Dunyo’’ axborot agentligi muxbiri.

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekistondagi istiqbolli konlarni o‘zlashtirish va geologiya-qidiruv sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar. O‘zbekiston foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha dunyoda yetakchi davlatlardan biri ekani alohida ta’kidlandi.

Malayziya tomoniga mamlakatimizdagi xrom, nikel, magniy va kobalt, titan va dolomitning istiqbolli konlari haqida ma’lumot berildi hamda ularni qazib olish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish taklif qilindi.

Malayziya kompaniyasi rahbari loyiha takliflariga qiziqish bildirar ekan, yaqin orada batafsil muhokama qilish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishga tayyorligini ta’kidladi.

‘‘Fortress Minerals’’ 2017-yilda Singapurda tashkil etilgan. Kompaniyaning bosh qarorgohi Kuala-Lumpurda joylashgan. Kompaniya Malayziyaning Terengganu, Paxang va Sabah shtatlarida temir, mis, oltin va nikel rudalari konsentratlarini qidirish, qazib olish, ishlab chiqarish va sotish bilan shug‘ullanadi. Kompaniya, shuningdek, chet elda – Filippin va Papua-Yangi Gvineyada depozitlarga ega.