14 mart 2025

Malayziya kompaniyasi Oʻzbekistonda elektroskuterlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishdan manfaatdor

O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning ‘‘Pro Events and Marketing Sdn Bhd’’ kompaniyasi boshqaruvchi direktori Elaine Tam bilan uchrashib, mamlakatimizda investisiya loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qildi, deb xabar qilmoqda ‘‘Dunyo’’ AA muxbiri.

Malayziya tomoni O‘zbekistonda elektroskuterlar, xususan, 3 va 4 g‘ildirakli ixcham elektromobillar ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasini amalga oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berdi.

Malayziya tomonining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, yillik ishlab chiqarish hajmi 5 ming skuterni tashkil etadi. Kelgusida Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksport qilish imkoniyatlarini hisobga olgan holda bu raqamni 10 mingtaga yetkazish mumkin.

Mazkur ishlab chiqarishni mahalliylashtirish O‘zbekiston aholisiga yetkazib berish xizmatlari sifatini yanada oshirishi mumkinligi ta’kidlandi.

Shuningdek, Malayziya tomoni mamlakatimiz sog‘liqni saqlash sohasiga sun’iy intellektdan foydalangan holda odamlarni tibbiy diagnostika qilish uchun dasturiy ta’minotni joriy etish bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida Malayziya kompaniyasi rahbariyati yaqin oylarda belgilangan loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini o‘rganish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurishlarini ma’lum qildi.