Qarorgohi Vena shahrida joylashgan BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkilotida (YUNIDO) O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov va Tashqi ishlar vaziri maslahatchisi Munira Aminova tarkibidagi delegatsiyaning mazkur tashkilot rahbariyati bilan muzokaralari bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.
Mazkur tadbirda YUNIDOning bosh direktori o‘rinbosari Siyong Chjou, tashkilotning innovatsiyalar, iqtisodiy transformatsiya masalalari bo‘yicha ijrochi direktori Gyunter Beger, qishloq xo‘jaligi, innovatsiyalarni moliyalashtirish, iqlim o‘zgarishi va mintaqaviy boshqarmalari mas’ullari ishtirok etishdi.
Muloqot davomida YUNIDO bilan hamkorlikda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan loyihalar holati muhokama etildi va ustuvor yo‘nalishlar, yaqin va o‘rta kelajakdagi rejalar to‘g‘risida fikrlar almashildi.
YUNIDO vakillari bugungi kunda O‘zbekistonda yengil sanoat, xususan to‘qimachilik sohasi, sanoat zonalarini zamonaviy eko-sanoat parklarga aylantirish, Orolbo‘yi mintaqasi ekotizimi va sanoatini tiklash kabi yo‘nalishlarda yirik loyihalar bo‘yicha samarali ishlar olib borayotganliklarini ma’lum qilishdi.
Shu bilan birga, xorijiy donor davlatlar va moliyaviy tashkilotlar ishtirokida texnik hamkorlik orqali respublikamizda energetika, raqamlashtirish va dekabonizatsiya sohalarida yangi loyihalarni ishlab chiqib, ularni hayotga tatbiq etishga tayyorliklarini bildirishdi.
Ta’kidlash joizki, amalga oshirilayotgan barcha loyihalar respublika sanoati salohiyatini kuchaytirish, chet eldan investitsiyalarni jalb qilish maqsadida sohalarni ekologik va texnologik jihatdan tayyorlash va O‘zbekistonning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishga yo‘naltirilgan.
Uchrashuv so‘ngida O‘zbekiston hukumati va YUNIDO o‘rtasida hamkorlikni tizimli rivojlantirish maqsadida qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va tashkilot rahbariyatining O‘zbekistonga tashrifini amalga oshirishga kelishib olindi.