8–9-iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov rasmiy tashrif bilan Gruziyada bo‘ldi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati. Tashrif davomida mamlakatimiz delegatsiyasi Gruziya rasmiylari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazib, ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari hamda mintaqaviy va xalqaro kun tartibini muhokama qildi.
Xususan, O‘zbekiston delegatsiyasi Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvili tomonidan qabul qilindi. Uchrashuvda tomonlar siyosiy aloqalarning yuqori darajasini tasdiqladilar, ikki tomonlama hamkorlikning turli sohalarda izchil rivojlanayotgani qayd etdilar hamda ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Shuningdek, Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze bilan bo‘lgan muzokaralarda iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, oliy va yuqori darajadagi siyosiy muloqotni faollashtirish masalalari muhokama qilinib, qisqa va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan ikki tomonlama kun tartibi bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tashrif davomida Gruziya tashqi ishlar vaziri Maka Bochorishvili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi aloqalarning asosiy jihatlari yuzasidan fikr almashib, kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olishdi. Muzokaralar yakunida 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi Hamkorlik dasturi imzolandi.
Shuningdek, Gruziya Parlamenti raisi Shalva Papuashvili bilan uchrashuv o‘tkazildi. Ikki mamlakat xalqlari o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik va do‘stlikni mustahkamlashda parlamentlararo muloqot muhim vosita ekanligi taʼkidlandi.
Tashrif doirasida savdo-iqtisodiy hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. Shu munosabat bilan Gruziya iqtisodiyot va barqaror rivojlanish vaziri Mariam Kvrivishvili bilan uchrashuv o‘tkazilib, investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Gruziya ta’lim va fan vaziri Givi Mikanadze bilan ham muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Suhbat chog‘ida tomonlar ta’lim sohasida tajriba almashish, ilmiy-akademik almashinuvlarni rivojlantirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston delegatsiyasi Tbilisida ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy aloqalarning ramzi bo‘lgan Alisher Navoiy nomidagi bog‘ni ziyorat qildi.
Tashrif O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi sheriklikni yanada mustahkamlash uchun mavjud yuksak ishonch va katta salohiyatni yana bir bor tasdiqladi.