11 sentabr 2024

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri ‘‘Sojitz korporatsiyasi’’ raisi va bosh direktori bilan muzokaralar o‘tkazdi

Joriy yilning 11-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov ‘‘Sojitz korporatsiyasi’’ raisi va bosh direktori Masayoshi Fujimoto bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Suhbatda ‘‘Sojitz’’ning O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiya, sog‘liqni saqlash va transport sohalarida investitsiya loyihalarini amalga oshirishdagi faol pozitsiyasi yuqori baholanib, korporatsiyaning mamlakatimizdagi joriy va yangi tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi bildirildi.

Uchrashuv doirasida shu yilning iyul oyida ‘‘Sojitz’’ korporatsiyasi delegatsiyasining davlat rahbari bilan uchrashuvida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va korporatsiya oʻrtasida Strategik yoʻl xaritasini imzolash marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Imzolangan hujjat kelgusidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradi hamda O‘zbekistonning asosiy tarmoqlarini, jumladan, energetika, sog‘liqni saqlash, transport, ijtimoiy infratuzilma va sanoat ishlab chiqarishini rivojlantirish va modernizatsiya qilishga qaratilgan.

Tomonlar Strategik yo‘l xaritasining imzolanishi ‘‘Sojitz korporatsiyasi’’ tarixida yangi sahifa ochishi hamda O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shadigan yangi loyihalarni birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha faol hamkorlik uchun asos bo‘lib xizmat qilishi to‘g‘risida yakdil fikr bildirdilar.